Dabdaba emas, ma’naviyat ustuvor bo‘lishi kerak
To‘y va ma’rakalarni ixcham o‘tkazish bo‘yicha “Maromiylik” loyihasi natijalari jamoatchilikka taqdim etildi.
Shu yil 24 oktyabrda respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Mahallalar uyushmasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda “Nuroniy” jamg‘armasi hamkorligida dabdabali to‘ylar va boshqa oilaviy marosimlarni ixchamlashtirishga qaratilgan targ‘ibot kampaniyasi boshlandi.
Ushbu beshta tashkilot tomonidan 90 kunlik chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi va bu yo‘nalishda viloyatimizda ham qator amaliy ishlar boshlab yuborildi.
“Maromiylik” loyihasi doirasida viloyatda to‘ylarni ixchamlashtirish va ortiqcha dabdabalarsiz o‘tkazish borasida aholining fikrini o‘rganish maqsadida anonim so‘rovnoma o‘tkazdik. Unda 1036 nafar fuqaro ishtirok etdi va ular tomonidan berilgan 10 ta savolga quyidagicha javoblar qayd etildi:
“Samarqand viloyatining qaysi tuman yoki shahrida o‘tkazilayotgan to‘y va ma’rakalarda ortiqcha dabdababozlikka yo‘l qo‘yilmoqda?” degan savolga ishtirokchilarning 46,9 foizi Samarqand shahri, 29,6 foizi Urgut tumani, 9,6 foizi Past Darg‘om tumani deb javob bergan.
“To‘y va ma’rakalarning dabdabali o‘tishida oilada kimning roli kattaroq deb o‘ylaysiz?” degan savolga esa 37,2 foiz ishtirokchi ayollar deb javob bergan. Shu bilan birga, 25,3 foiz - ota, 23,7 foiz - kelin-kuyov, 10,8 foiz yoshi katta bobo va buvilar deb belgilagan.
“Oilalarda dabdabali to‘ylarni o‘tkazishga qanday omillar ta’sir qilmoqda?” degan savolga 50,7 foiz ishtirokchi «Jamiyatning barcha a’zolari ta’sir ko‘rsatadi», deb javob bergan. 16,1 foiz — hech qanday omil ta’sir qilmaydi, 14,3 foiz — qo‘ni-qo‘shnilar, 12,5 foiz — qarindoshlar deb ko‘rsatgan. Shuningdek, ko‘plab fuqarolar ortiqcha dabdabali to‘ylar “manmanlik”, “ko‘z-ko‘z qilish”, “kim o‘zar” kabi illatlar natijasi ekanini ta’kidlashgan.
“Qancha mablag‘ evaziga kelin to‘yini o‘tkazish mumkin?” degan savolga 47,1 foiz — oila byudjetiga qarab, 23,1 foiz — ellik million so‘m, 19,5 foiz — yuz million so‘m, 5,9 foiz — besh yuz million so‘m deb javob qaytargan. Shuningdek, ba’zilar javoblarda 200–300 mln yoki 350 mln so‘mni ham ko‘rsatgan.
“Sunnat to‘y marosimini qancha mablag‘ evaziga o‘tkazish mumkin?” degan savolga 53,5 foiz — oila byudjetiga qarab, 25,7 foiz — o‘ttiz million so‘m, 15,6 foiz — yuz million so‘m, 1,6 foiz — uch yuz million so‘m deb belgilagan. Ayrim javoblarda esa “sunnat to‘yini umuman o‘tkazmaslik kerak” degan fikr ham bildirilgan.
“To‘y va ma’rakalarning ixcham o‘tkazilishini ta’minlashda kimlar faol bo‘lishi lozim?” degan savolga 46,5 foiz ishtirokchi — barcha davlat va jamoat tashkilotlari, 25,1 foiz — “Mahalla yettiligi”, 8,4 foiz — din ulamolari, 7,9 foiz — nuroniylar, 4,1 foiz — ma’naviyat sohasi vakillari va ijodkorlar deb javob bergan.
“Qaysi targ‘ibot usuli samarali deb o‘ylaysiz?” degan so‘rovga 48,8 foiz — jarima va ta’sirchan choralar, 16,6 foiz — targ‘ibot roliklari, 10,7 foiz — oilalarda uchrashuvlar, 8,5 foiz — ma’ruza va davra suhbatlari, 6,4 foiz — din ulamolarining ma’ruzalari deb qayd etgan. Shuningdek, ko‘plab fuqarolar mansabdor shaxslarning shaxsiy namuna bo‘lishi muhimligini ta’kidlagan.
To‘y va ma’rakalardan tejalgan mablag‘ni nimalarga sarflash mumkin?” degan savolga 47,4 foiz — oila byudjeti rivoji uchun, 30,4 foiz — farzandlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash uchun, 5,3 foiz — tadbirkorlik faoliyatiga, 5,1 foiz — kam ta’minlangan oilalarga yordam sifatida, 3,1 foiz — omonat jamg‘armalariga yo‘naltirish kerak, degan javobni bildirgan.
“Siz yaqin orada kelin to‘y yoki sunnat to‘yini o‘tkazmoqchisizmi va unga necha nafar yaqinlaringizni taklif qilmoqchisiz?” degan savolga 40,2 foiz — 200 nafar, 22,2 foiz — hali o‘ylab ko‘rmaganman, 20,4 foiz — 150 nafar, 11,6 foiz — 500 nafar, 2,6 foiz — 700 nafar kishini taklif qilish rejasida ekanligini bildirgan.
Yakuniy savolda — “To‘y va ma’rakalarni ixchamlashtirish bo‘yicha qanday takliflaringiz bor?” degan so‘rovga ishtirokchilar qator fikrlarni bildirishgan. Ular orasida qonuniy chora ko‘rish, jarima qo‘llash, mehmonlar sonini qisqartirish, kelin-kuyov tomonning o‘zaro kelishuvini kuchaytirish, mahalla va jamoat fikrini inobatga olish, to‘yxona egalarini javobgarlikka tortish, oila davrasida to‘y o‘tkazish, to‘ylar ro‘yxatini “Mahalla yettiligi” tomonidan yuritish, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda dabdabali to‘ylarni kam yoritish, isrofgarchilikning zararlarini tushuntirish, to‘y dasturxonidagi yeguliklarni qisqartirish kabi takliflar ilgari surilgan.
O‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari to‘y va ma’rakalarda ortiqcha dabdababozlikka oila a’zolarining, ayniqsa, ayollarning ta’siri katta bo‘lsa-da, bu holat butun jamiyatning umumiy madaniy va ma’naviy muhiti bilan ham bog‘liq ekanidan dalolat beradi. Aholi orasida manmanlik, ko‘z-ko‘z qilish va “kim o‘zar” kabi illatlar hali ham mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Shu bois, to‘y va marosimlarni ixcham, mazmunan boy va oddiy ruhda o‘tkazish bo‘yicha keng jamoatchilik, davlat va diniy tashkilotlar hamkorligida tizimli targ‘ibotni kuchaytirish, yosh avlod ongida tejamkorlik va ma’naviy mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
G‘ofurjon Bobobekov,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi.