Samarqandda meros mojarosi: Aka-uka opasini o‘ldirib, 15 yilga qamaldi
Avvalroq Samarqandda aka-uka qimorga berilgan "jigar"ining qotiliga aylangani haqida xabar berilgandi.
Bu galgi holat ota-onadan qolgan merosni bo‘lishish masalasida kelib chiqqan. Nizoda aka-uka opasini o‘ldirgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Botir (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) va Bakir Sodiqov opasi Xadicha bilan merosni sotish masalasida bir necha yildan beri nizo qilgan.
2025 yil 6 fevral kuni soat 16:00 larda ular Xadichaga lom va mix sug‘urish asbobi bilan bosh, yelka va qo‘l sohalariga bir necha zarba berib, qasddan o‘ldirgan.
Marhumaning jasadi gilam va polietilen sellofanga o‘ralib, avtomashina orqali Yangiariq kanali yoqasidagi tabiiy chuqurlikka ko‘mib yuborilgan. Jinoyat izlarini yashirish maqsadida lom va boshqa buyumlar tashlandiq joyga ko‘milgan, qon dog‘lari esa kanalizatsiyaga oqizilgan va beton bilan yopilgan.
Sud jarayonida Shokir Sodiqov (aka-ukaning akasi) opaning bedarak yo‘qolgani haqida xabar qilgan. Salkam ikki oy davom etgan qidiruvdan so‘ng jasad topilgan.
Aka-ukalar Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismiga (qasddan odam o‘ldirish) muvofiq aybli deb topildi.
Har biriga 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tab chiqishlari belgilangan.