Avliyo emas, astronom edi
Ilm-fan rivoji uchun o‘z davrining yorqin yulduzi Ahmad Donish nafaqat ma’rifatparvar, balki tabiiy fanlar va astronomiya bo‘yicha chuqur bilimga ega olim sifatida tanilgan.
XIX asrning ikkinchi yarmida Buxoro amirligi taraqqiyparvar arboblari orasida o‘zining ijobiy g‘oyalari bilan shuhrat qozongan, asl ismi Ahmad ibn Mir Nosir ibn Yusuf al-Hanafi as-Siddiqiy al-Buxoriy bo‘lgan, ammo “Ahmad Kalla”, “Muhandis”, “Ahmad Maxdum” nomlari bilan o‘z zamonasining eng ilg‘or fikrlovchi ma’rifatparvariga aylangan Ahmad Donish 1827 yilda Buxoro shahrining Ko‘chai Sangin guzaridagi o‘rtahol mudarris oilasida tug‘ilgan.
“Donish” uning adabiy taxallusi bo‘lib, tashqi ko‘rinishida bosh qismi kattaligi uchun zamondoshlari uni “Ahmad Kalla” deb ham atashgan. Tabiiy va aniq fanlarni yaxshi o‘zlashtirganligi hamda bir necha ixtirolari tufayli Ahmad Donish ilm ahli orasida “Muhandis” taxallusini ham olgan.
Ahmad Donish falakiyot ilmida ham qator asarlar yaratgan bo‘lib, jumladan, “Munozir al-Kavokib” (“Yulduzlarni kuzatish”) asarida falakiyot ilmiga oid muhim masalalarni yoritdi. U o‘z asarlarida tabiat hodisalarini ilmiy jihatdan asoslab bergan. “Bizning qilgan tadqiqotlarimiz yunon hukamolarining mazhabiga muvofiqdir. Butun hukamolarning aytishlaricha, yerning shakli kuraviy, ya’ni yumaloqdir. Falaklar unsurlari dol o‘rtasida hech narsaga suyanmay muallaq turadilar”. Bu yerda alloma Yerning aylana shaklda ekanligi, sayyoralarning tinimsiz harakati, Oy va Quyosh tutilishi, yer qimirlashining ilmiy tahlillari borasida fikr yuritib, ushbu hodisalarning barchasi tabiiy jarayon ekanligi va ularni oldindan aytib berish mumkinligini ta’kidlagan.
Allomaning fikricha, Yer qimirlashi yerning o‘rtasida joylashgan issiq par massasi harakatga kelishi natijasida sodir bo‘ladi. Ahmad Donish “Navodir ul-vaqoye” asarida ma’danlar, buloq suvlar, tog‘larning paydo bo‘lishi, Yerning tarkibi xususida o‘z fikrlarini bayon etar ekan "yerning ichi uch qatlamdan tarkib topganligini, birinchi qatlam quruq tuproq, ikkinchisi yopishqoq loy, uchinchisi qatlam esa sahro tosh qatlamlaridan iborat ekanligini, ammo yer markazining o‘zi esa qizg‘in, sassiq bug‘ bilan to‘ldirilgan va u ichi bo‘sh tarvuzga o‘xshashligini” e’tirof etadi.
Ahmad Donishning fikricha, yer va sayyoralar murakkab jismlar sirasiga kirib, oy-kun tutilishi ilohiy bir ish, g‘ayritabiiy hodisa emas, balki tabiiy jarayondir. Sadriddin Ayniy o‘z “Esdaliklar”ida Ahmad Donishning kun tutilish hodisasini oldindan ilmiy jihatdan aniq vaqti va soatigacha ayta olganligini ajablanish bilan bayon etgan. “Buncha daqiqadan keyin oy yashirinadi, buncha daqiqadan keyin oy beti ochiladi. Aytgan daqiqada oy yuzi ochila boshladi. Aytgan daqiqadan keyin oy qorong‘uligidan hech bir asar qolmadi”. Savodsiz olomon Donishni avliyo deb ataganlarida Sadriddin Ayniy uni avliyo emas, astronom ekanligini aytadi.
Ahmad Donish o‘rta asrlarga xos qarashlarni qat’iy inkor etib, zilzilalarning tabiiy sabablarini o‘rganish ustida ham samarali tadqiqotlar o‘tkazgan. Jumladan, “Zilzilalar sababsiz bo‘lmaydi. Zilzila sababi yer markazida quyi issiq massa – bug‘ harakatidandir”, deb tushuntiradi.
Ahmad Donish nafaqat ma’rifatparvar, balki tabiiy fanlar va astronomiya bo‘yicha chuqur bilimga ega olim edi.
Shuhrat Bozorov,
SamDChTI gumanitar fanlar va axborot texnologiyalari kafedrasi dotsenti.