Yaxshi astronomlar O‘zbekistondan chiqmas ekan, qayerdadir xato qilyapmiz
Astranomiyani o‘rganish har bir davrning dolzarb masalalaridan biri bo‘lgan. Bu fanni rivojlantirishni ma’lum bosqichlarga bo‘lish mumkin. Uzoq o‘tmishda odamlar tun payti osmonga qaraganda yulduzlarni ko‘rgan va ularning paydo bo‘lishi, harakati haqida qiziqqan. Buni birinchi bosqichning boshlanishi deyishimiz mumkin. Bu bosqichning yuqori cho‘qqisi, shubhasiz, buyuk munajjim Mirzo Ulug‘bek davriga to‘g‘ri keladi. Bu astranomiyaning optik kuzatishlarsiz davridir.
XVI asrda italiyalik fizik olim Galileo Galiley optik asboblarni yaratdi. Shundan so‘ng 400 yil davomida astranomiyada optik kuzatish davri bo‘ldi. Avvalo 3 santimetrlik, keyinchalik 30 metrgacha bo‘lgan teleskoplar paydo bo‘ldi. Koinotda gallaktikalar borligi aniqlandi. Ikkinchi bosqichning cho‘qqisi esa XX asrning eng buyuk kashfiyoti - sun’iy yo‘ldosh sayyoraga olib chiqilgan davr.
Astronomiya fani uchun atmosfera to‘siq sanaladi. Boshqa diapazonda kelayotgan nurlarni o‘tkazmaydi, uni sochib yuboradi. Atmosfera shaffof bo‘lsagina kuzatishlar ijobiy natija beradi. O‘zbekiston hududi koinotni kuzatish va o‘rganish uchun dunyodagi kam sonli qulay nuqtalardan biri. Masalan, Braziliyadan doimo eng yaxshi futbolchilar chiqib turmasa, ular buni salbiy holat sanaydi. Chunki u yerda yil bo‘yi, 365 kun futbol o‘ynaydigan ob-havo bo‘ladi. Xuddi shunday eng yaxshi astronomlar O‘zbekistondan chiqmasa, qayerdadir xato qilayotgan bo‘lishimiz kerak.
Germaniyada texnika muzeyi bor. Diqqat bilan tomosha qilsangiz uni ikki kunda ham aylanib chiqolmaysiz. Bu yerda bo‘lgan bola astronomiyadan boshqa narsaga qiziqmay qo‘yadi. O‘zbekistonda ham ana shunday astronomik park tashkil etish rejalashtirilyapti. Aslida, o‘sib kelayotgan yosh avlod uchun astronomiya, umuman, boshqa fanlardan ham shunchaki nazariyani aytib berishning o‘zi yetarli emas. Ular barchasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi, kuzatishi kerak.
Keyingi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan fanni rivojlantirishga e’tibor qaratilib, hatto bu bo‘yicha 2017 yil 14 sentyabrda alohida qaror ham qabul qilindi. “Ulug‘bek maktabi” tashkil etildi.
Bugungi kunda yurtimizda iste’dodli fizik va astronomlar yetishib chiqmoqda. 2019 yil Chexiyada bo‘lib o‘tgan yosh olimlar tanlovida Arman Tursunov birinchi o‘rinni egalladi. U 28 yoshida fizika-matematika fanlari doktori bo‘ldi. Yana bir yosh olim Ahmadjon Abdujabborov 31 yoshida doktorlik ditsertatsiyasini yoqladi. Ahamiyatlisi, ularni nazardan chetda qoldirmasligimiz kerak. Ayrim yoshlarimiz borki, uch-to‘rt so‘m pul topish maqsadida repetitorlikka qiziqib, ilmiy ish bilan shug‘ullanmay qo‘yyapti. Ana shunday yoshlarni ilm dargohlariga jalb qilishimiz kerak. Bugun ilmiy tadqiqot institutlarida maoshlar bir necha barobar oshgan. Olimlar uchun qulay imkoniyatlar yaratilyapti.
Albatta, har bir sohani rivojlantirish uchun moddiy-texnika bazasi ham mustahkam bo‘lishi kerak. Ayniqsa, bu astronomiya uchun juda muhim.
Astronomiyani o‘rganish uchun moddiy ta’minotdan tashqari ikki muhim masala mavjud. Birinchisi, ma’lumotga ega bo‘lish, ikkinchisi esa muhokama. Ma’lumot bo‘lmasa nimani o‘rganishni bilmaysiz, muhokama bo‘lmasa bajarilgan ishdan olingan natijani.
O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarini yaxshi eslayman. Dunyoda chiqayotgan ilmiy maqolalar ro‘yxati faqat Moskvadagi bir jurnalda berilardi. Biz uni davlat kutubxonasiga kelsagina bilardik. Biror bir maqola bilan tanishish uchun jurnal tahririyatiga so‘rov yuborib, bizga nusxa jo‘natsagina undagi yangilik bilan tanishish imkonimiz bo‘lardi. Ammo bir yildan so‘ng maqola o‘z dolzarbligini yo‘qotar edi. Hozir esa sohaga oid har kunlik yangiliklardan xabardor bo‘lib borish imkoni mavjud.
Germaniyada o‘tkazilgan tadbirlardan birida aytildiki, O‘zbekiston olimlari tomonidan bir yilda chop etilayotgan ilmiy maqolalar soni 420 ta ekan. Buni ko‘rsatkich, deb bo‘lmaydi. Mamlakatimizda 80 ta oliy ta’lim muassasasi mavjud. Ulardagi ilmiy salohiyatni oshirishimiz kerak. Buni bugun boshlamasak ertaga kech bo‘ladi. Ta’lim muassasalarida xalqaro tillarni samarali o‘qitishni yo‘lga qo‘yish lozim. Xorijiy tillarda muloqot qilishni, yozishni bilmagan olim chetda qolib ketaveradi.
Ayrim mamlakatlarda yoshlar 10 ta maqola yozib, magistrlik ishini yoqlayotgan bo‘lsa, bizda 2 ta maqola chiqarib doktor bo‘lyapti. Bu ham og‘riqli nuqtalarimizdan.
Talaba bakalavriat bosqichida ingliz tilini o‘rganib bo‘lishi kerak. Buning uchun ta’tilda til o‘rganish kurslarini tashkil etish zarur.
Oliy o‘quv yurtlari bilan ilmiy tadqiqot institutlari hamkorligini mustahkamlash lozim. Ta’lim muassasalarimizning nufuzi yuqori bo‘lsa, chetdan talabalar jalb etiladi. Ular bilan birga yurtimizga investitsiya kirib keladi. Bir so‘z bilan aytganda, raqobatni kuchaytirishimiz kerak. Zero, raqobat bor joyda rivojlanish bo‘ladi.
Bobomurod AHMEDEV,
Butunjahon fanlar akademiyasi a’zosi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi.