Peter Pellegrini: Qoidalar odamlarni himoya qiladi, taraqqiyotni to‘xtatmaydi

Samarqand shahrida YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi tadbirlari davom etmoqda. Bugun o‘tkazilgan navbatdagi yalpi majlisda yurtimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Slovakiya Respublikasi Prezidenti Peter Pellegrini so‘zga chiqdi.

– Bugun biz madaniyatlar chorrahasida joylashgan tarixiy Samarqand shahrida dunyo o‘zgarib borayotgan bir paytda uchrashib turibmiz. Tarixiy an’ana va qadriyatlar yo‘qolib bormoqda, global tartibning asosi bo‘lgan xalqaro huquq tazyiq ostida. Bunday vaziyatda YuNESKO qadriyatlarni asrab-avaylab, bugungi hayot va amaliyot bilan bog‘laydigan noyob platforma bo‘lib qolmoqda. Ayni paytda davlatlar uchun ko‘p tomonlama hamkorlik hashamat  yoki qudrat emas, balki zarurat ekanligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Sobiq ta’lim vaziri sifatida ta’lim dunyodagi barcha xalqlar uchun tinchlikka eltuvchi yo‘l ekanligini ta’kidlamoqchiman. U nafaqat bilim, balki hurmat, bag‘rikenglik, xayrixohlikni o‘rgatadi. Ta’limsiz tinchlik, tinchliksiz taraqqiyot yo‘q. Shuning uchun ham Slovakiya YuNESKOning yangi –“Tinchlik uchun ta’lim” dasturini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu asl g‘oyani qayta tiklaydi. Ta’lim hayot va jamiyatni o‘zgartira oladi, u shunchaki siyosat emas, balki tinchlik va inson ruhiyatiga qo‘yilgan sarmoyadir.

Biz tizimni yanada inklyuziv, ijodiy va kelajakka yo‘naltirilgan tarzda isloh qilmoqchimiz. Biz o‘qituvchilarni tayyorlaymiz va yoshlar kelajakka ishonch bilan qarashlari uchun raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirishga e’tibor qaratamiz. Shu maqsadda noyabr oyi oxirida poytaxtimiz Bratislavada iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bilan hamkorlikda ta’lim va sun’iy intellekat bo‘yicha global forum o‘tkazmoqchimiz. Unda sun’iy intellekt bo‘yicha fikr almashamiz. Nazarimizda bugun sun’iy intellektga imkoniyat, shu bilan birga muammo sifatida baho berish lozim. Bu borada YuNESKOning sun’iy intellektni maktab va jamiyatda qo‘llash hamda ushbu yo‘nalishda aniq axloqiy qadriyatlarni ishlab chiqish bo‘yicha tashabbuslarini ma’qullaymiz. Binobarin, qoidalar odamlarni himoya qiladi, taraqqiyotni to‘xtatmaydi. Slovakiya sun’iy intellektga ana shunday muvozanatni e’tiborga olgan holda, maktablarimiz insoniy, texnologiyalarimiz esa mas’uliyati bo‘lishi uchun asosida sarmoya kiritadi, - dedi Slovakiya Prezidenti va YuNESKO doim insonning qalbi va madaniyatini himoya qilgani, moddiy va nomoddiy merosni asrash orqali o‘zligimiz va xilma-xilligimizni saqlab qolishimizni alohida ta’kidladi.