Samarqandda dendrologiya bog‘i tashkil etildi
Kecha, 1 aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etib, Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berdi.
Shu kuni respublikamizning barcha hududlarida ham shunday bog‘lar tashkil etishga kirishildi. Jumladan, Samarqand shahri Xishrav qo‘rg‘onida joylashgan Yashil texnikum hududidagi 5 gektar maydonda Samarqand dendrologiya bog‘i tashkil qilinib, viloyat hokimligi hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida 2500 tup ko‘chat ekildi.
- Dendrologiya bog‘larining tashkil etilishi nafaqat hududimiz ekologiyasini yaxshilash, balki aholining ekologik madaniyatini oshirish hamda ilmiy-amaliy baza sifatida ham xizmat qiladi, - deydi viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Suhrob Ahmedjonov. - Bu yerda talabalar va yosh mutaxassislar daraxt va butalarning turlari, ularni parvarishlash, iqlim sharoitiga moslashtirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ham ega bo‘ladi.
Shu maqsadda bu yil viloyat bo‘yicha bahorgi mavsumda 7 million tupga yaqin, kuzgi mavsumda 10 million tupdan ziyod, 27 turdagi mevali va manzarali ko‘chatlar ekish, shuningdek, yil yakunigacha viloyatda 23 ta yashil bog‘ barpo etish rejalashtirilgan.
Fazliddin Ro‘ziboyev, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi mutaxassisi.