Ikki xalq adabiy aloqalariga xizmat qilgan ustoz

Samarqand davlat universitetining Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati institutida o‘zbek va tojik ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan yirik olim, tojik filologiyasi va xorijiy sharq tillari kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Sadri Sa’diyevning 90 yillik yubileyi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Anjumanni Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov tabrik so‘zi bilan ochib, olimning ko‘p yillik samarali mehnati va ustozlik faoliyatini yuqori baholadi.

"Sadri Sa’diyev nafaqat zabardast olim, balki ikki qardosh xalq - o‘zbek va tojik adabiy aloqalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi ustozdir", — deya ta’kidlandi tadbirda.

Tantanali marosimda nafaqat yurtimiz, balki qo‘shni davlatlar ilmiy doira vakillari ham faol ishtirok etdilar. Tadbirda Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati instituti direktori Jo‘liboy Eltazarov, Tojikiston Fanlar akademiyasi prezidenti o‘rinbosari Muhammaddovud Salomiyon, Tojikiston milliy universiteti professori, akademik Abdujabbor Rahmonzoda, Xo‘jand davlat universiteti professori Nurali Nurov kabi ziyolilar so‘zga chiqib, olimning ibratli hayot yo‘li va pedagogik faoliyati haqida iliq fikrlarni bildirishdi.

Ishtirokchilar Sadri Sa’diyevning yuqori malakali kadrlar tayyorlash va mintaqada adabiyotshunoslik sohasini rivojlantirishdagi beqiyos xizmatlarini alohida e’tirof etdilar.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, professor Sadri Sa’diyev chuqur ilmiy asosga ega bo‘lgan yirik tadqiqotlar muallifidir. Uning qalamiga mansub “Movarounnahr shoirlari poetikasi”, “XI asrning ikkinchi yarmi va XII asr boshlarida tojik adabiyoti”, “XVII asr tojik adabiyoti” kabi fundamental asarlar soha mutaxassislari uchun muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shuningdek, olimning O‘zbekiston va Tojikiston vaqtli matbuotida 400 dan ortiq ilmiy va ommabop-publitsistik maqolalari e’lon qilingan.

Tadbir yakunida 90 yoshli qutlug‘ dovonni zabt etgan ustozga hurmat-ehtirom ko‘rsatilib, samimiy tilaklar bildirildi va universitet rahbariyati hamda mehmonlar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.