Milliy muzey fondi yopiq xazinami yoki ochiq ilmiy manba?
18 may – Xalqaro muzeylar kuni.
2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda filiallar bilan birga 138 ta muzey faoliyat yuritmoqda. 2024 yilda yurtimiz muzeylariga 4,8 million kishi kelgan, ulardan 1,4 million nafari xorijiy sayyohlardir.
Keyingi yillarda davlat tomonidan muzeylar faoliyatiga e’tibor kuchaymoqda. Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish, marketing siyosatini takomillashtirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, yangi zamonaviy ekspozitsiyalar yaratish va muzey to‘plamlaridagi boy tarixiy-madaniy merosni keng targ‘ib qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanmoqda. Bu esa muzeylarni ilmiy, ma’rifiy, axborot va turizm markaziga aylantirish zaruratini kun tartibiga olib chiqmoqda.
Biroq tashrifchilar sonining ortishi va davlat e’tiborining kuchayishi fonida savol paydo bo‘ladi: muzeylarimizda saqlanayotgan millionlab ashyolar jamiyat, ilm-fan va ta’lim uchun qanchalik ochiq? O‘zbekiston muzeylarining asosiy fondida 2,7 milliondan ortiq eksponat borligi katta boylik. Ammo bu boylikning haqiqiy qadri uning ilmiy o‘rganilishi, kataloglashtirilishi, raqamlashtirilishi va tadqiqotchilar uchun ochiq manbaga aylanishi uchun nimalar qilinyapti? Muzey fondlaridan ilmiy foydalanish, tadqiqotchilar uchun yaratilgan sharoitlar, ilm-fan va ta’lim muassasalari bilan hamkorlik masalalari qanday darajada yo‘lga qo‘yilgan?
Shu kabi savollarimizga tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, muzeyshunos Mahmudxon Yunusovdan javob oldik.
- Mahmudxon aka, O‘zbekiston muzeylarida saqlanayotgan Milliy muzey fondi ashyolari amalda faqat saqlash ob’yekti sifatida qaralyaptimi yoki ular ilmiy tadqiqot manbasi sifatida ham o‘rganilyaptimi?
- Milliy muzey fondi ashyolari faqat saqlab qo‘yilayotgan boylik emas, ular asosida ilmiy maqolalar, kataloglar, konferensiya materiallari va fundamental tadqiqotlar yaratiladi. Normativ-huquqiy asosga ko‘ra muzey fondlari faqat saqlanishi kerak bo‘lgan buyumlar majmui emas. “Muzeylar to‘g‘risida”gi Qonunda davlat muzeylari muzey ashyolari va kolleksiyalarining but saqlanishi, ular bilan bog‘liq hisob hujjatlarining yuritilishi hamda ulardan ilmiy, madaniy, ma’rifiy va ta’lim maqsadlarida foydalanilishini ta’minlashi shartligi belgilangan. Ya’ni, qonuniy yondashuvga ko‘ra, Milliy muzey fondi ilmiy tadqiqot, ta’lim va ma’rifat uchun faol ishlatilishi kerak bo‘lgan manbadir.
Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 31oktyabrdagi qarori bu masalani yanada yorqinroq namoyon etadi. Unda davlatga tegishli muzey ashyolari va kolleksiyalari bo‘yicha hisob ishlari ularning saqlanish joyi, holati, foydalanish shakli va boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan asosiy hisob hujjatlari orqali yuritilishi belgilangan. Bundan tashqari, fond tarkibiga kiritilgan va muzeylarda turgan muzey ashyolari hamda kolleksiyalari fuqarolar kirib ko‘rishi uchun ochiq ekani qayd etilgan. Bu norma fondlarning mutlaqo yopiq zaxira emasligini va statistika ham fondlar ko‘lami nihoyatda katta ekanini ko‘rsatadi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil yanvar holatiga O‘zbekistondagi muzeylarning asosiy fond eksponatlari soni 2,7 milliontaga yetgan. Bu ko‘rsatkich bir yil ichida 129,2 mingta yoki 5 foizga oshgan. Hududlar kesimida eng katta ulush Toshkent shahri, Samarqand viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga to‘g‘ri keladi. Shu bois 2,7 million eksponatga ega fondlar O‘zbekiston muzeylari uchun nafaqat boylik, balki katta mas’uliyat hamdir. Asosiy mezon eksponatlar soni emas, balki ularning qanchasi ilmiy o‘rganilgani, raqamlashtirilgani, kataloglashtirilgani va tadqiqotchilar uchun ochiq ilmiy manbaga aylantirilganidir.

Ijobiy tomoni shundaki, ayrim yirik muzeylarda fond kolleksiyalarini ilmiy muomalaga kiritish bo‘yicha aniq ishlar bor. Masalan, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi muzeyshunoslik sohasida tayanch muassasa bo‘lib, muzey xodimlari respublika miqyosidagi ilmiy loyihalarni bajaradi, ilmiy-ma’rifiy ishlarda qatnashadi, shuningdek, muzeyda muzeyshunoslik yo‘nalishida ixtisoslashtirilgan ilmiy kengash va ilmiy-metodik kengash faoliyat yuritadi. Xuddi shuningdek, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi ham fundamental tadqiqotlar olib borish tajribasiga ega. Ammo bu barcha muzeylarda yo‘lga qo‘yilmagan.
Muzeylarning nufuzini ko‘tarish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilayotgan ekan, fond ashyolarining necha foizi ilmiy tavsiflangan, necha foizi elektron katalogga kiritilgan, tadqiqotchilarning fond materialidan foydalanish holati qanday, fondlar asosida yiliga nechta ilmiy maqola yoki katalog yaratilgan, degan savollar tug‘ilishi tabiiy. Shu asosda O‘zbekiston muzeylarida Milliy muzey fondi ashyolari qisman ilmiy tadqiqot manbasi sifatida ishlatilmoqda. Ayrim yirik muzeylar fondlari asosida kataloglar, ilmiy to‘plamlar, konferensiyalar va fundamental tadqiqotlar mavjud. Ammo butun tizim miqyosida fondlarning ilmiy tavsiflanishi, raqamlashtirilishi, ochiq kataloglarga kiritilishi va mustaqil tadqiqotchilar uchun qulay foydalanish mexanizmi yetarli darajada deb bo‘lmaydi. Shuning uchun hozirgi holatni “faqat saqlash” deb baholash adolatsiz bo‘ladi, lekin “haqiqiy ochiq ilmiy manbaga to‘liq aylangan” deb ham bo‘lmaydi. O‘zbekiston muzeylari saqlashdan ilmiy muomalaga o‘tish jarayonida, ammo bu jarayon notekis, markaziy muzeylarda faolroq, hududiy muzeylarda esa ko‘proq tashkiliy, kadr, raqamlashtirish va ochiqlik muammolariga bog‘liq.
Xorijiy muzeylarda muzey fondlari ochiq ilmiy axborot manbasi sifatida qaraladi. Masalan, Britaniya muzeyi o‘z kolleksiyalari bo‘yicha onlayn ma’lumotlar bazasini yuritadi. Unda ashyolar haqidagi tarixiy, ilmiy va tavsifiy ma’lumotlar tadqiqotchilar hamda keng jamoatchilik uchun ochiq beriladi. Masalan, AQShdagi Metropoliten muzeyi Open Access dasturi orqali ashyolar bo‘yicha yuz minglab suratlar va asosiy ma’lumotlarni bepul, erkin foydalanish uchun taqdim etadi. Qozog‘istonda E-museum portali orqali muzey kolleksiyalarini yagona raqamli makonga birlashtirish harakati kuchaygan. Ushbu platforma muzey kolleksiyalarini yagona raqamli tizimga jamlash, ashyolar bo‘yicha ilmiy tavsiflar berish va xalqaro ilmiy-madaniy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Bu tajribalar O‘zbekiston muzeylari uchun muhim xulosa beradi. Kolleksiyalarni fondlarda saqlash muzey ishi emas. Har bir ashyo ilmiy tavsif, fotosurat, inventar ma’lumot, kelib chiqish tarixi va raqamli katalog orqali tadqiqotchi, talaba va jamoatchilikka ochilishi kerak. Aks holda, millionlab eksponatlar mavjud bo‘lsa-da, fondlar ilmiy muomalaga to‘liq kirmagan va yopiq zaxira bo‘lib qoladi.
- Muzey kolleksiyalarini raqamlashtirish nima beradi va bu nima uchun kerak?
- Raqamlashtirish kolleksiyalar umrini uzaytiradi. Birinchidan, u hisob va nazoratni kuchaytiradi, kirim kitobi, inventar daftar, qabul dalolatnomasi, restavratsiya hujjatlari elektron shaklga o‘tsa, fond harakati aniq kuzatiladi. Ikkinchidan, u ilmiy tadqiqotni yengillashtiradi, tadqiqotchi muzeyga borishdan oldin qaysi ashyo borligini, qaysi kolleksiya unga kerakligini biladi. Uchinchidan, u saqlash xavfsizligini oshiradi, ashyo yo‘qolsa, shikastlansa yoki restavratsiya qilinsa, uning oldingi holati raqamli qaydlarda saqlanadi. To‘rtinchidan, u muzeyni targ‘ib qiladi, yaxshi elektron katalog muzeyni xalqaro ilmiy maydonga olib chiqadi.
- Tadqiqotchilar, magistrantlar va doktorantlar muzey fond kolleksiyalari bilan qanday tartibda ishlaydi?
- Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 12 apreldagi qaroriga 8-ilova sifatida tasdiqlangan “Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini kirib ko‘rish tartibi va shartlari to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, Milliy muzey fondiga kiritilgan va muzeylarda turgan muzey ashyolari hamda kolleksiyalari fuqarolar kirib ko‘rishi uchun ochiq hisoblanadi. Shu bilan birga, kirib ko‘rish uchta holatda cheklanishi mumkin: ashyoning saqlanish holati qoniqarsiz bo‘lsa, restavratsiya ishlari olib borilayotgan bo‘lsa yoki ashyo muzey zaxiraxonasida turgan bo‘lsa.
Tadqiqotchi, magistrant yoki doktorantning fond kolleksiyalari bilan ishlashi amalda quyidagi yo‘l bilan amalga oshirilishi mumkin: u o‘z ilmiy mavzusi, qaysi kolleksiya yoki ashyo bilan ishlamoqchi ekani, ilmiy rahbari yoki ta’lim muassasasidan tavsiyanoma, tadqiqot maqsadi va foydalanish shaklini ko‘rsatgan holda muzey rahbariyatiga rasmiy murojaat qiladi. Muzey rahbariyati esa murojaatni ko‘rib chiqadi. Bunda so‘ralgan kolleksiyaning saqlanish holati qoniqarli bo‘lsa, restavratsiya qilinmayotgan bo‘lsa tadqiqotchiga kolleksiyalar bilan ishlashga ruxsat berilishi shart. Kolleksiya muzey zaxiraxonasida bo‘lsa uni zaxiraxonadan tashqarida tadqiq etish mumkin. Har holda mavjud normativ hujjatlar talabi shunday. Rad javobi berilgan hollarda muzeylar buni yozma va qonuniy asos bilan izohlashi zarur.
- Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 31 oktyabrdagi qarorida muzey ashyolari va kolleksiyalaridan ilmiy, madaniy, ma’rifiy va ta’lim maqsadlarida foydalanish imkoniyati nazarda tutilgan. Ushbu talab amalda qanday bajarilmoqda?
- Bugun O‘zbekiston muzeylari Milliy muzey fondini faqat saqlab turgani yo‘q. Lekin fondlar to‘liq ilmiy manbaga aylangan, deyishga ham erta. Ushbu qaror muzeylarga ashyolarni ilmiy, madaniy, ma’rifiy va ta’lim maqsadlarida foydalanishga chiqarish majburiyatini yuklaydi. Amalda esa bu talab ayrim kataloglar, ko‘rgazmalar va raqamlashtirish ishlari orqali bajarilmoqda, biroq millionlab eksponatlarni qamrab oladigan ochiq, raqamli va tadqiqotchilar uchun qulay tizim hali shakllangan emas. Muzeylarga tadqiqot maqsadida murojaat qilinganda, muzey fondi hujjatlari-kirim kitoblari, inventar kitoblar, restavratsiyaga oid hujjatlar, ashyolarni qabul qilish dalolatnomalari kabi hujjatlardan foydalanishda ayrim muzeylarda sun’iy to‘siqlar mavjud. Vaholanki, ushbu hujjatlar katta manbaviy salohiyatga egadir. Ulardagi ilmiy ma’lumotlarning nashr etilishi, eng avvalo, muzeyni dunyo, kamida O‘zbekiston miqyosida reklama qiladi. Bu yerda paradoks shundaki, muzeylar bir tomondan o‘z kolleksiyalarining ilmiy va madaniy ahamiyatini targ‘ib qilishni istaydi, ikkinchi tomondan esa aynan shu kolleksiyalar haqidagi asosiy hujjatlar bilan tadqiqotchilarni ishlashiga yo‘l qo‘ymaydi. Ashyo haqidagi ma’lumotni nashr qilish muzeyni “bo‘shatib qo‘ymaydi”, aksincha, uni ilmiy xaritada ko‘rinadigan qiladi.
Masalaning markazida bitta savol turadi - Milliy muzey fondi kim uchun saqlanmoqda? Agar u faqat ichki hisobot va nazorat uchun saqlansa, u holda millionlab eksponatlar ilmiy muomaladan chetda qoladi. Agar u jamiyatning tarixiy xotirasi, ilmiy tadqiqot va ta’lim manbasi sifatida qaralsa, unda fondlar haqida ma’lumot berish, hujjatlar bilan ishlash tartibini soddalashtirish, elektron kataloglar yaratish va tadqiqotchilar uchun qonuniy ruxsat mexanizmini yo‘lga qo‘yish zarur. Eng katta muammo – nihoyatda boy fondlarning mavjudligi bilan ulardan foydalanish imkoniyati o‘rtasidagi tafovutdir.
- “Ashyo zaxiraxonada saqlanmoqda” degan asos tadqiqotchilarning fond kolleksiyalariga kirishini cheklash uchun umumiy bahonaga aylanib qolmaganmi?
- To‘g‘ri, amaliyotda bunday asos ayrim hollarda tadqiqotchilarni fond kolleksiyalaridan cheklash uchun qulay bahonaga aylanishi mumkin. Chunki zaxiraxona xavfsizlik va saqlash rejimini talab qiladi, lekin bu ilmiy foydalanishni butunlay rad etish degani emas. To‘g‘ri yondashuv shuki, agar ashyo zaxiraxonada bo‘lsa, muzey tadqiqotchiga nazorat ostida alohida xonada ko‘rish, raqamli fotosurat, ilmiy tavsif, inventar ma’lumot yoki rasmiy ko‘chirma taqdim etish imkoniyatini yaratishi lozim. Qisqa qilib aytganda, kolleksiyalarning zaxiraxonada saqlanish cheklash uchun mutlaq asos emas, balki foydalanishni tartibli va xavfsiz tashkil etishni talab qiladigan holatdir.
- Tadqiqotchilar kirim daftari, inventar daftari, qabul dalolatnomalari, fond komissiyasi bayonnomalari kabi fond hujjatlari bilan tanishish imkoniga egami?
- Nazariy jihatdan tadqiqotchilar fond hujjatlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishi kerak, ammo amaliyotda ayrim muzeylar bu jarayonni murakkablashtirib, Madaniy meros agentligi yoki yuqori tashkilot ruxsatini ro‘kach qilgan holda rad javobini berayotgani kuzatiladi.
Hukumatning “Muzeylar faoliyatiga taalluqli me’yoriy hujjatlar to‘g‘risida”gi qarorga ko‘ra, kirim daftari, inventar daftarlari, qabul dalolatnomalari, ta’mirlash va hisobdan chiqarish dalolatnomalari, fond komissiyasi bayonnomalari muzey ashyolari va kolleksiyalarini hisobga olishning asosiy hujjatlari hisoblanadi. Bu ashyoning kelib chiqishi, holati, davri, fondga qabul qilinishi va ilmiy tavsifi haqida muhim manbaviy ma’lumot beruvchi hujjatlardir.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 12 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasining “Muzeylar to‘g‘risida”gi Qonunini ro‘yobga chiqarish uchun zarur bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi qarorida Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan va muzeylarda turgan muzey ashyolari hamda kolleksiyalari fuqarolar kirib ko‘rishi uchun ochiq ekani belgilangan. Davlat muzeylari ushbu ashyolarni saqlash, namoyish qilish, ilmiy tadqiq qilish va targ‘ib qilish huquqiga ega. Bu norma fond kolleksiyalarini ilmiy tadqiqotdan butunlay ajratib qo‘yish mumkin emasligini ko‘rsatadi. Ammo muammo shundaki, fond hujjatlari bilan tanishishning aniq, yagona va shaffof tartibi amaliyotda yetarlicha ishlab chiqilmagan. Shu noaniqlik ayrim muzeylarga “Agentlik ruxsatisiz bo‘lmaydi”, “yuqoridan xat olib keling”, “fond hujjatlari ichki foydalanish uchun” degan javoblarni berishga imkon yaratmoqda. Albatta, asl hujjatlarni tadqiqotchiga olib chiqib ketish yoki nazoratsiz foydalanish mumkin emas. Lekin bu ularni ilmiy maqsadda muzey ichida ko‘rish, ko‘chirma olish yoki rasmiy ma’lumotnoma shaklida foydalanishni mutlaqo rad etish degani emas.
Aslida to‘g‘ri yondashuv tadqiqotchiga muzey fond hujjatlari bilan nazorat ostida tanishish imkonini berishdir. Lekin fond hujjatlariga butunlay yo‘l bermaslik hukumat qarorining ilmiy foydalanish ruhiga zid keladi. Madaniy meros agentligini ro‘kach qilib, har qanday murojaatni rad etish to‘g‘ri amaliyot emas. Agentlik davlat nazorati va boshqaruv organi sifatida tartib belgilashi mumkin, ammo bu muzey fondlarini tadqiqotchilar uchun yopish vositasiga aylanmasligi kerak. Fond hujjatlari ilmiy manba sifatida nazoratli, qonuniy va shaffof tartibda tadqiqotchilarga ochiq bo‘lishi kerak.
- Fond hujjatlari bilan tanishish, ko‘chirma olish, suratga olish yoki raqamli nusxa olish tartibi aniq belgilanganmi?
- Bu tartib amaldagi hujjatlarda umumiy tarzda belgilangan, lekin tadqiqotchilar uchun aniq, yagona va qulay mexanizm sifatida to‘liq ishlab chiqilmagan. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining “Muzeylar faoliyatiga taalluqli me’yoriy hujjatlar to‘g‘risida”gi qarorda kirim daftari, inventar daftari, qabul dalolatnomalari, restavratsiya va hisobdan chiqarish hujjatlarini tadqiqotchi qanday tartibda ko‘radi, ko‘chirma oladimi, suratga oladimi yoki raqamli nusxadan foydalanadimi, bu masalalar batafsil ochib berilmagan.
“O‘zbekiston Respublikasining “Muzeylar to‘g‘risida”gi Qonunini ro‘yobga chiqarish uchun zarur bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi qarorida esa muzey ashyolari va kolleksiyalarini kirib ko‘rish ochiqligi belgilangan, lekin aynan fond hujjatlaridan ilmiy foydalanish tartibi yetarlicha aniqlashtirilmagan. Shu bois amaliyotda noaniqlik yuzaga keladi. Bir muzey tadqiqotchiga ko‘chirma yoki surat olishga ruxsat beradi, boshqasi esa “ichki hujjat” degan asos bilan rad etadi. Ya’ni, muammo huquqiy asosning butunlay yo‘qligida emas, balki tartibning aniq, shaffof va yagona mexanizmga solinmaganidadir.
- Muzeylarning universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va tadqiqot markazlari bilan hamkorligi real ilmiy natija beryaptimi yoki faqat memorandum va rasmiy tadbirlar bilan cheklanib qolganmi?
- Hamkorlik bor, ammo uning natijadorligi bir xil emas. Ayrim yirik muzeylarda bu hamkorlik real ilmiy natija bermoqda. Qo‘shma konferensiyalar o‘tkazilmoqda, kataloglar tayyorlanmoqda, ko‘rgazmalar ilmiy izohlar bilan boyitilmoqda, talabalar amaliyotga jalb qilinmoqda, ayrim fond kolleksiyalari magistrlik va doktorlik tadqiqotlari uchun manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Biroq tizim bo‘yicha qaralganda, hamkorlik ko‘p hollarda hali to‘liq ilmiy mahsulotga aylanmagan.
Memorandumlar imzolanadi, davra suhbatlari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi, lekin ularning natijasida nechta ilmiy maqola, monografiya, katalog, dissertatsiya, raqamli baza yoki fond tavsifi yaratilgani savol ostida qoladi. Haqiqiy ilmiy hamkorlik memorandum bilan emas, natija bilan baholanishi kerak. Hozirgi holatda hamkorlik mavjud, ammo uni ko‘proq amaliy-ilmiy natijaga yo‘naltirish zarur. Aks holda, u rasmiy uchrashuvlar va hisobotlarda qolib ketadi.
- Universitet talabalari, magistrantlar va doktorantlar muzey fondlari asosida ilmiy mavzu tanlash, amaliyot o‘tash va ilmiy rahbarlik olish imkoniyatiga egami?
- Nazariy jihatdan bunday imkoniyat mavjud, ammo amaliyotda u barcha muzeylarda bir xil darajada ishlamaydi. Universitet talabalari muzeylarda amaliyot o‘tashi, magistrant va doktorantlar esa fond kolleksiyalari asosida ilmiy mavzu tanlashi mumkin. Ayniqsa, tarix, arxeologiya, san’atshunoslik, etnografiya, muzeyshunoslik, restavratsiya va madaniy meros yo‘nalishlarida muzey fondlari juda muhim manba hisoblanadi. Lekin muammo shundaki, bu imkoniyat ko‘pincha shaxsiy kelishuv, universitet bilan muzey o‘rtasidagi memorandum yoki rahbariyat ruxsatiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Talaba yoki tadqiqotchi muzeyda qanday kolleksiya borligini oldindan bilmaydi, chunki kolleksiyalar bo‘yicha ochiq elektron kataloglar mavjud emas. Fondga kirish, hujjatlar bilan tanishish, suratga olish yoki inventar ma’lumotlardan foydalanish aytib o‘tilganidek, sun’iy to‘siqlarga uchraydi. Ilmiy rahbarlik masalasida ham holat turlicha. Ayrim muzeylarda tajribali fond xodimlari va ilmiy xodimlar maslahat berishi mumkin, ammo bu barcha muzeylarda bir xil emas. Ya’ni, imkoniyat bor, lekin u kafolatlangan va shaffof mexanizmga aylanishi kerak. Muzeylar fond kolleksiyalari asosida dissertatsiya va kurs ishlari uchun mavzular ro‘yxatini e’lon qilishi, universitetlar bilan qo‘shma ilmiy rahbarlik tizimini yo‘lga qo‘yishi va talabalar uchun fond bilan ishlash reglamentini ishlab chiqishi zarur.
- Milliy muzey fondi jamoatchilik va ilmiy doira uchun ochiq ilmiy manbaga aylanishi uchun muzeylarda nima yetishmayapti?
- Rosti, bunga bitta omil emas, bir nechta tizimli shart yetishmaydi. Ammo ularning ichida eng asosiylari aniq huquqiy mexanizm, raqamlashtirish, malakali kadr va ochiqlik madaniyatidir.
Birinchidan, huquqiy mexanizm yetarli darajada aniq emas. Qonun va qarorlarda muzey ashyolaridan ilmiy, madaniy, ma’rifiy va ta’lim maqsadida foydalanish mumkinligi belgilangan. Lekin tadqiqotchi fondga qanday murojaat qiladi, ariza qancha muddatda ko‘rib chiqiladi, qanday holatda rad etiladi, fond hujjatlaridan ko‘chirma yoki raqamli nusxa olish mumkinmi - bu masalalar yagona va shaffof tartibga solinmagan.
Ikkinchidan, raqamlashtirish sustligi katta muammo. Tadqiqotchi muzeyda qanday kolleksiya borligini bilmasa, u ilmiy ishni ham boshlay olmaydi. Muzeylar fond hujjatlarini raqamlashtirish orqali tadqiqotchiga taqdim etishi zarur, shu bilan birga ochiq elektron kataloglar yaratilishi kerak.
Uchinchidan, muzeylarda malakali mutaxassislar yetishmaydi. Millionlab eksponatlarni ilmiy tavsiflash oddiy texnik ish emas, bu maxsus bilim talab qiladi. Poytaxtdagi muzeylarda ilmiy darajaga ega xodimlar talaygina, shunga yarasha ilmiy muhit ham risoladagidek. Lekin viloyat muzeylari haqida bunday deb bo‘lmaydi.
To‘rtinchidan, ochiqlik madaniyati zaif. Ayrim muzeylarda fondni ochish xavf sifatida qabul qilinadi. Aslida esa ilmiy tavsif, katalog va nashrlar muzey obro‘sini oshiradi. Fondlarni “yopiq zaxira” emas, balki jamiyat va ilm-fan uchun ishlaydigan milliy ilmiy resurs deb qaraydigan boshqaruv tafakkuri kerak.
O‘zbekiston Milliy muzey fondi ulkan tarixiy-madaniy boylikdir. Millionlab eksponatlar xalqimizning davlatchilik tarixi, moddiy va ma’naviy madaniyati, san’ati, turmush tarzi, hunarmandchiligi va ilmiy tafakkurini aks ettiradi. Shuning uchun bu fondlarni faqat saqlashning o‘zi yetarli emas. Ular ilmiy tadqiqot, ta’lim, jamoatchilik va xalqaro ilmiy hamkorlik uchun faol ishlaydigan manbaga aylanishi kerak.
Bugungi asosiy vazifa muzeylarda saqlanayotgan boylikni saqlash bilan birga, ilmiy muomalaga olib chiqish, ular haqidagi axborotni jamiyatga taqdim etish va kelajak avlodlar uchun faol ishlaydigan ochiq madaniy-intellektual resursga aylantirishdir.
- Mazmunli suhbat uchun katta rahmat!
Fazliddin Ro‘ziboyev suhbatlashdi.