"Duosin oldingmi mehrga zorni – desalar, yurtdoshim, javobing bormi?"

Bugun taniqli shoir va yozuvchi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abdusaid Ko‘chimov tavallud topgan kun.

Abdusaid Ko‘chimov 1951 yil 15 mayda Urgutda tug‘ilgan.

Toshkent davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlagach, mehnat faoliyatini «O‘qituvchi» nashriyotidan boshlagan. Keyinchalik "Lenin uchquni" gazetasida, “Sharq yulduzi” jurnalida, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi va boshqa qator mas’ul lavozimlarda ishlagan.

2017 yildan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori lavozimida ishlab kelmoqda.

«Shuhrat» medali, «Mehnat shuhrati» ordeni, «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist» hamda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» unvonlari bilan taqdirlangan.

Yigirmaga yaqin she’riy va nasriy kitoblari chop etilgan.

Abdusaid Ko‘chimov nafaqat qalami o‘tkir jurnalist va adib, balki qalbida yurti, xalqi, ayniqsa, yoshlar taqdiri uchun qayg‘uradigan chin ma’naviyat fidoyisi. O‘tgan yili kuzda ijodkor o‘zi tug‘ilib o‘sgan Urgut tumanidagi Dehqonobod qishlog‘ida kutubxona tashkil etdi. Bugun bu maskanda ma’rifatning ruhi mujassam. Bu ziyo maskanidan kitobxonlarning qadami uzilmaydi - har haftada adiblar bilan uchrashuv, kitoblar taqdimoti tashkil etiladi. Muhimi, yoshlar bu yerga faqat kitob o‘qish uchun emas, balki o‘z ustida ishlash, hayotda to‘g‘ri yo‘l topish uchun ham keladi.

"Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari va Zarnews.uz sayti jamoasi ustoz jurnalistni 75-bahori bilan tabriklab, uzoq umr, mustahkam salomatlik, ulkan ijodiy yutuqlar tilaydi!
***
Vatan
Boshingda osmonu, qoshingda quyosh,
Tasviring chizolmay musavvir halak.
Shoir so‘z axtarib qotiradi bosh,
Buloqday qaynaydi oshufta yurak.
Parivash jamolin qiladi ko‘z-ko‘z,
Bag‘ringda barq urgan har gul, har giyoh.
Faqat shoiringga yetishmaydi so‘z,
Faqat musavvirga yetmaydi bo‘yoq.

Javob
Bir nihol ekdingmi Vatan bog‘iga,
Mehringni to‘kdingmi cho‘l, yantog‘iga,
Gullarga chang-g‘ubor qo‘ngan chog‘ida
Arta biloldingmi chang-u g‘uborni –
Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?
Bitta g‘isht qo‘ydingmi maydonlariga,
Bir vassa o‘ydingmi ayvonlariga,
Bir misra qo‘shdingmi dostonlariga,
Kurab tashladingmi tomlardan qorni –
Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?
Kimdir uzib ketsa dilbar gullarni,
Kimdir buzib ketsa sarvar yo‘llarni,
Kimdir ezib ketsa muztar dillarni,
Duosin oldingmi mehrga zorni –
Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?
Urush-janjallarga xamirturushlar,
Illatfurushlar-u, millatfurushlar,
Afif osmoningga qilsa xurujlar,
Hosud haqirlarga tikdingmi dorni –
Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?
Javobing bo‘lmasa mumtoz-mukammal:
Qo‘lingda zulfiqor, belingda kamar,
Duldul tulporingga yor bo‘lsa qamar —
Yo‘ldoshing sab’ai sayyor bo‘ladi,
Muqaddas javobing tayyor bo‘ladi.

Tanti o‘zbek
Saxovatli saxiy kuzdek
Saodatli eldir o‘zbek,
Buqabo‘yin – man-manlarga
Parvo qilmas janda-bo‘zdek.
Jahondagi biron millat,
El-ulusdan yo‘qdir kami.
Yulduzlardek boqiy qudrat –
Ajdodlarin qutlug‘ sha’ni.
Bobolarin qancha xalqlar
Bizniki, deb talashadi.
Bunday sharaf – shoyon taxtlar
O‘zbekka xo‘p yarashadi.
Azal-abad sochar yog‘du
“Avesto”dek bo‘stonlari.
Jasoratga jasur ko‘zgu
“Alpomish”dek dostonlari.
Do‘stlariga mehri quyosh,
Do‘stlariga qurbon joni.
Pashsha kabi ezar, bebosh
Allop-qallob, bevafoni.
Havas bilan boqar dunyo
Tog‘day ko‘rkam savlatiga.
Dur mahliyo, nur mahliyo
O‘zbekiston davlatiga.
Ne-ne fotih, ne-ne hoqon
Sinab achchiq omadini,
Ega olmay tutdi motam
O‘zbekning alp qomatini.

Mirzo Ulug‘bek haykali qoshida
Yulduzlarni sanash mumkindir balkim,
Hisoblash mumkindir sayyoralarni.
Sanab sanog‘iga yetolmas hech kim
O‘zbekzamindagi allomalarni.
Mana, ming yillarkim hayratda bashar
Beruniy, Navoiy, Kubrolarimga.
Yana ming asrlar ta’zimga shoshar
Mirzo Ulug‘bekdek daholarimga.

Abdusaid KO‘ChIMOV.