Talabalar uchun mehnat yarmarkasi: Yuksak marralar sari amaliy ko‘mak

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti Samarqand filialida “KIUT Job Fair – 2026” mehnat yarmarkasi va “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari tashkil etildi.

Bitiruvchi talabalarning ishga joylashishiga ko‘maklashish hamda oliy ta’lim muassasasida o‘qish istagidagi abituriyentlarga universitetning ta’lim imkoniyatlarini namoyish etish maqsadida o‘tkazilgan tadbirda 100 dan ortiq korxona va tashkilot vakillari, abituriyentlar va ularning ota-onalari, universitet bitiruvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda ish beruvchilar uchun maxsus shtablar tashkil etilib, ishga kirish istagidagi bitiruvchilar bilan suhbatlar o‘tkazildi.

Tadbir avvalida Toshkent Kimyo xalqaro universiteti Samarqand filiali direktori Nizomjon Eshonqulov iqtidorli talabalarning yutuqlari, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash borasidagi olib borilayotgan ishlarning amaldagi natijalari haqida so‘z yuritib, hamkorlikka kelgan tashkilot va korxonalarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Tadbirda korxona va tashkilotlarning taqdimotlari tashkil etildi.

- Samarqand shahrida POLYGLOT o‘quv markazimizning o‘nta filiali mavjud, - deydi markaz menejeri Shahina Davronova. – Yana filiallarimiz soni ortayapti. Ushbu mehnat yarmarkasiga 10 dan ortiq ish o‘rinlari bilan qatnashyapman. Bizga o‘qituvchi, yordamchi o‘qituvchi va call operatorlar kerak.

- “Registon” xususiy maktabi hozirgi kunda keng ko‘lamli maktab hisoblanadi, - deydi maktab vakili Shohrux Abdukarimov. – “Registon” faqat maktab bilan chegaralanib qolmagan. Bugun uning bog‘chasi, maktabi, litseyi, texnikumi, shuningdek, bu yildan Samarqand shahrida universiteti ham ochiladi. Ayni kunda respublika bo‘yicha “Registon” o‘quv markazlari soni ellikdan oshdi, bu yil maktablarimiz oltitaga yetadi. Mehnat yarmarkasiga ellikka yaqin ish o‘rinlari bilan qatnashyapmiz. Biz o‘z kasbining yaxshi mutaxassisi bo‘lgan, ya’ni xorijiy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritgan yoshlarni ishga qabul qilamiz.

Tadbirda bitiruvchi talabalar o‘zlariga ma’qul kelgan vakansiyalar bo‘yicha ma’lumotlar olib, so‘rovnomalar to‘ldirishdi.

“Ochiq eshiklar kuni” tadbiriga kelgan abituriyentlar hamda ularning ota-onalari dars mashg‘ulotlarida bevosita ishtirok etib, o‘zlarini bir necha daqiqa davomida KIUT talabasi sifatida ko‘rishlariga imkon yaratildi.

Shuningdek, tadbirda liboslar dizayni, arxitektura va shaharsozlik hamda interer dizayn yo‘nalishi talabalarining semestr yakuniga bag‘ishlangan hisobot ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Xurshida Ernazarova.