Qaysi mamlakat odamlari boshqalarga qaraganda ko‘proq ishlaydi?

Ushbu infografikada o‘rtacha haftalik ish soatlaridan kelib chiqib, eng “mehnatsevar” davlatlar keltirilgan.

So‘nggi yillarda ko‘pgina rivojlangan mamlakatlar ish haftasini qisqartirishga intilib kelayotgan bir vaqtda xodimlar ish vaqti soatlari davomiyligi haftasiga o‘rtacha 45, hatto 50 soatdan ko‘proq bo‘lgan davlatlar ham bor.

“Mehnatsevar” Butan davlati mamlakatlar reytingida birinchi o‘rinni egallaydi. U yerda odamlar haftasiga o‘rtacha 54,7 soat ishlaydi. Bu esa mamlakatning iqtisodiy ahvolini aks ettiradi. U yerda aholining katta qismi qishloq va o‘rmon xo‘jaligi kabi og‘ir mehnat talab qiladigan sohalarda ishlaydi.

Xuddi shunday holat janubiy Afrikadagi Lesoto daavlatida ham kuzatiladi. Aholisi haftasiga o‘rtacha deyarli 50 soat ishlaydigan davlat iqtisodiyoti qishloq xo‘jaligi va qo‘l mehnatiga bog‘liq.

Uchlikni Afrika qirg‘oqlari yaqinidagi Gvineya ko‘rfazida xuddi shu nomdagi arxipelagda joylashgan San-Tome va Prinsipi yakunlaydi. U yerdagi aholi haftasiga o‘rtacha 49 soat ishlaydi. Kongo Respublikasi va Iordaniya ham bu masaladagi beshlikka kiradi.

Infografikaga kiritilgan mamlakatlarning aksariyati ularning iqtisodida ko‘p mehnat talab qiladigan tarmoqlar ustunlik qiladigan Osiyo yoki Afrikada joylashgan. Uzoq ish haftalari ko‘pincha past avtomatlashtirish va xodimlarning zaif himoyasiga borib taqaladi.

Shuni aytib o‘tish kerakki, har doim ham qisqa ish haftasiga ega mamlakatlarni farovon deb bo‘lmaydi. Masalan, odamlari haftada eng kam soat ishlaydigan beshta davlatlar qatorida ham Norvegiya, ham Yaman davlati bor.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.