Mirzo Ulug‘bekning yosh vorislari astronomiya va astrofizika fani rivojida yangi ilmiy natijalarga erishmoqda
Yaqinda Germaniyadagi Gyote universitetining 100 yillik yubileyi bo‘ldi, unda men ham ishtirok etdim. Ushbu universitet 1914 yili tashkil etilganligiga qaramay Germaniyadagi eng yosh universitetlaridan biri hisoblanarkan. Bu ma’lumotni eshitib, O‘zbekiston ilmi dunyo ilm-fani ichida eng qadimiylaridan va boy tarixga ega bo‘lishiga qaramasdan, nahotki yurtimizda asrga tengdosh oliy o‘quv yurt bo‘lmasa, deya hayratlangandim. Matbuot nashrlarida Samarqand davlat universitetining 600 yilligini tan olinishi bilan bog‘liq jarayon boshlanganini eshitgach, quvondim.
Darhaqiqat, SamDUning tarixi olti asrga borib taqaladi. 1420 yilda buyuk astronom Ulug‘bek boshchiligida dunyoning eng ilg‘or olimlari bilan birgalikda talabalarga ilm berish va ilmiy ishlar olib borish tashkil etilgan. Buning natijasida jahon durdonalaridan biri bo‘lgan Ziji Jadidi Ko‘ragoniy yaratildi.
Bugungi kunda men faoliyat yuritayotgan O‘zekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi astronomiya instituti olim va mutaxassislari bevosita Mirzo Ulug‘bek boshlagan osmon ilmi, astronomik kuzatuvlar jarayonini takomillashtirib kelmoqda, ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Hozirda ushbu dolzarb yo‘nalishda yosh olim A.Abdujabborov bilan birgalikda fundamental tadqiqot loyihalarini muvaffaqiyatli olib boryapmiz. E’tiborlisi, bu yo‘nalishda ilmiy tadqiqotlarni boshlagan yosh olim, SamDU bitiruvchisi F.Fattoyev (PhD) AQShning turli nufuzli universitetlarida ilmiy faoliyat olib bordi. U PhD ilmiy darajasini Florida davlat universitetida olgandan so‘ng Texas, Indiana shtatlarining davlat universitetlarida ilmiy ish qildi. Uning ilmiy ishlari neytron yulduzlarning ichki strukturasini tadqiq etishdan iborat bo‘lib, neytron yulduzlarning ekstremal sharoitda bo‘lgan moddasining holat tenglamalarini analitik va raqamli usullar yordamida yechishga bag‘ishlangan va dunyo miqyosida bir necha marta e’tirof etilgan va hozirda Nyu-Yorkda professor lavozimiga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, AQShning Kaliforniya texnologik institutida yosh olimimiz Ye.Abdikamalov (PhD) kompakt ob’yektlarning o‘zaro to‘qnashishi natijasida hosil bo‘luvchi gravitatsion to‘lqinlarning to‘lqin shakllarini olish bo‘yicha raqamli hisoblash va ularni tahlil etishga asoslangan ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Astronomiya institutining yosh olimlaridan biri V.Morozova AQShning Kaliforniya texnologik instituti, Prinston universiteti, Germaniyaning Maks Plank instituti, Bremen universitetlarida umumiy nisbiylik nazariyasi doirasida kompakt ob’yektlar atrofidagi elektromagnit jarayonlar, pulsar (tez aylanuvchi magnitlangan neytron yulduz)larning magnitosferasidagi energetik jarayonlarni tadqiqoti bo‘yicha u yerdagi olimlar va mutaxassislar bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Bunday muvaffaqiyatli ishlari bilan u Pensilvaniya universiteti professori lavozimiga ega bo‘ldi. Germaniyaning Bremen va Oldenburg universitetlarida qora tuynuklar atrofida sinov zarralarining harakati tadqiqotiga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlarda esa yosh olimlarimiz - V.Kagramanova (PhD) va S.Tojiyev faol ishtirok etib kelmoqda.
Institutimiz Hindistonning Puna shahrida joylashgan Astronomiya va astrofizika bo‘yicha universitetlararo markaz (IUCAA) bilan uzoq yillik aloqalarga ega. Nazariy fizika bo‘limidagi ko‘pgina yosh olimlar o‘zlarining xorijiy ilmiy hamkorliklarini o‘sha yerdan boshlagan. Shuningdek, Italiyaning Triyest shahridagi Xalqaro nazariy fizika markazi, Chexiya Respublikasining Opava shahridagi Sileziya universiteti bilan ham mustahkam ilmiy aloqa o‘rnatganmiz. Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay shahridagi Fudan universiteti bilan hamkorlik ishlarimiz ham samarali.
Muhimi, institutimiz olimlari mahalliy loyihalardan tashqari xalqaro loyihalarda ham faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, Germaniyaning DAAD, Volkswagen Stiftung, DFG, Italiyadagi ICTP, ICRA, TWAS, SNR, INFN xalqaro jamg‘armalari, Saudiya Arabistonining KFUPM, Yevropaning ERC, Erasmus+ jamg‘armalari tomonidan o‘tkazilayotgan turli xalqaro tanlov, loyihalarda o‘zlarining ilmiy salohiyatlari asosida ishlab chiqqan ilg‘or g‘oyalari bilan ishtirok etib, ushbu jamg‘armalarning grant va mukofotlariga ega bo‘lishgan.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, tarixan astronomiyaning yuragi bo‘lgan O‘zbekiston zaminida zamonaviy astronomiya va astrofizika fanining rivojlanishida yoshlarning hissasi salmoqli. Orttirilgan yangi bilimlar, olingan ilmiy natijalar, erishilgan yutuqlar, zabt etilgan marralar astronomiya instituti yoshlarining astronomiya va astrofizika fanini rivojlanishida qilinishi kerak va rejalashtirilayotgan ulkan ishlarning kichik bir qismidir. Umid qilamizki, o‘zbekistonlik yosh olim va mutaxassislar bu sohada yangidan-yangi ilmiy natijalarga erishib, Ulug‘bek izidan borib, O‘zbekiston nomini dunyoga tanitishda davom etishadi.
Bobomurod Ahmedov,
Respublika FA astronomiya instituti nazariy astrofizika laboratoriyasi mudiri, fizika-matematika fanlari doktori, professor, butunjahon fanlar akademiyasi a’zosi.