Mutolaa: Oyjon yanga
(Hikoya)
Oyjon yanga bu qishloqqa uzoq viloyatdan tushgan. Qirq yil burun texnikum talabasi edi, Nurqul bilan o‘shanda tanishgan.
Ota-onalariga balli: bu yoqdagisi «ming chaqirimlik yurtdan kelin tushiramanmi» demadi, u yoqdagisi «musofirchilikka beradigan qizim yo‘q», deb oyoq tiramadi. Ammo Nurqul degan zot qizga bergan va’dalarini unutdi, shomu sahar ichadigan odat chiqardi, «piyon» degan nom ko‘tardi.
Oyjon yanga birovga tishini yormay o‘taverdi, jigar-bag‘ri xun bo‘ldi-yu, o‘zgalar oldida qon tuflamadi. Eridan gap ochib, o‘smoqchilaganlarga «er – yarim pir» derdi, xolos. Nurqul piyonning loyga botganini birov ko‘rmadi, oppoq yoqasi kir bo‘lgani yo‘q, shimi hamisha qirrador, tuflisi yarqiragan…
Yanganing solih o‘g‘illari er yetdi, Xudo degan ayolning yorug‘ kunlari keldi, ikki yil burun to‘ng‘ichi:
– Yuring, ena, – dedi. Ona-bola Makkayu Madinaga borib keldilar…
Ana shundoq ayol to‘satdan qazo qildi.
– Muhtaram jamoat, – dedi imom-domla ta’ziya chog‘i. – Shu musofir hoji onamiz nimaiki topgan bo‘lsa, sabridan, qanoatidan, erining rizoligidan topdi.
Hamma Nurqul akaga qaradi. Endilikda «hunari»ni tashlab, namoz-niyozga o‘tgan Nurqul o‘kradi:
– Xaloyiq, guvoh bo‘ling, ota-onamga halol xizmat qilgan bu ayoldan mingdan-ming roziman, iloyo u ham rozi bo‘lib ketsin. Bilsangiz, Oyjon emas, Oftobjonim edi u. Anovi zormonda es-hushimdan begona qilgan kezlari biror marta ko‘chada qoldirmagan. To‘nkaday yumalab yotganimda, g‘ildirak aravaga solib, yotog‘imga yetkazib kelardi. Birov so‘rasa, «dadasi ko‘mir oberdilar» der ekan, – Nurqul aka «e, attang-a» deb peshanasiga mushtlavordi.
Boshqa vaqt bo‘lsa, anchayin odamning ichagini uzib qo‘yadigan bu gapdan shu topda hammaning o‘pkasi to‘ldi.
Rustamjon UMMATOV.