Ishtixon MIB qidiruvida bo‘lgan “Malibu 2” faqat kechki vaqtlarda harakatlangan

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining ijro varaqasiga asosan, Majburiy ijro byurosining Ishtixon tumani bo‘limi ish yurituvida javobgar fuqaro F.E.ga nisbatan ijro hujjati kelib tushgan.

- Ushbu hujjatga ko‘ra, javobgar F.E.dan da’vogar “Kapital bank” AJ foydasiga 297 million so‘m miqdoridagi qarz undirilishi lozim, - deya xabar beradi MIB viloyat boshqarmasi axborot xizmati. - Qarzdor tomonidan belgilangan ixtiyoriy muddat ichida ijro hujjati talablari bajarilmagani sababli amaldagi qonunchilikka muvofiq, unga tegishli “Malibu 2” rusumli avtotransport vositasiga qidiruv e’lon qilindi.

Keyinchalik, davlat ijrochisi tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida qarzdorga tegishli “Malibu 2” avtomashinasi faqat kechki vaqtlarda harakatlanayotgani aniqlandi.

Hozirda mazkur avtomashina belgilangan tartibda vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan bo‘lib, ijro hujjatining to‘liq ijrosini ta’minlash maqsadida tegishli chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.