“Stekloplastik” mahsulotlari endi Samarqand shahrida

Samarqand tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan va xalqaro sifat sertifikatlariga ega mebel va sport jihozlari, o‘quv laboratoriya vositalari, shisha-plastik va metall mahsulotlar ishlab chiqarayotgan “Stekloplastik” mas’uliyati cheklangan jamiyati Samarqand shahrida o‘z savdo uyi va namoyish zalini ochdi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat va shahar hokimligi mas’ullari, ta’lim va tibbiyot muassasalari rahbarlari, sport mutasaddilari va tadbirkorlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Samarqand viloyati hokimining mahalliy sanoat bo‘yicha yordamchisi Jamshid O‘roqov mazkur korxona mahsulotlari bugun respublikamiz va xorijda ham o‘z xaridorlariga ega ekanligini ta’kidlab, bu yerda tayyorlanayotgan uskuna va jihozlarning 70 foizi mahalliylashtirilgan holda ishlab chiqarilayotganini e’tirof etdi. 

– Ayni paytda 600 dan ortiq turdagi mebel, sport va o‘quv jihozlari, shisha-plastik va metall mahsulotlar davr talabidan kelib chiqib, muntazam yangilangan holda, mahalliy va xorijiy bozordagi taklif asosida tayyorlanmoqda, – deydi korxona ta’sischisi O‘ktam Saidmurodov. – Ishlab chiqarish jarayoni Turkiya, Germaniya, Rossiya, Xitoy, Tayvan va Italiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologik uskunalarda amalga oshiriladi. Endilikda mijozlarimiz va buyurtmachilar ushbu savdo uyiga kelib, nafaqat tayyor jihozlarni xarid qilishlari, balki muhandis va konstruktorlarimizga o‘zlarining takliflarini bildirgan holda buyurtma qilib mahsulotlar tayyorlatishlari mumkin.

Tadbir qatnashchilari yangi namoyish zalidagi uskuna va jihozlar, korxonaning yangi mahsulotlari bilan tanishdilar.

(reklama huquqi asosida)