Nega korxonalar bilimli va malakali kadr topa olmayapti?
Bugun zamonaviy texnologiyalar bilan ishlay oladigan malakali mutaxassislar tayyorlash, ishlab chiqarish korxonalarida kadrlar qo‘nimsizligini bartaraf etish zaruratga aylanmoqda.
Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida Tadbirkorlar maslahat kengashi qoshida tashkil etilgan Ishbilarmonlarning “Yangi Samarqand” hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashuvchi jamoat fondi tomonidan korxonalarimizda kadrlarni tanlash, ularning malakasini oshirish maqsadida ishlab chiqaruvchilar va kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirkorlar Kengashi raisi o‘rinbosari NozirIbragimov tadbirkorlik muhitini yaxshilash, ishbilarmonlarning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash, korxonalarning barqaror rivojlanishini ta’minlash, albatta, iqtidorli xodim, malakali mutaxassisga bog‘liqligini bildirdi. Shu bois, mazkur yo‘nalishdagi muammolar, kamchiliklar va dolzarb masalalar soha mutaxassislari tomonidan bayon etildi.
- Korxonalarda kadrlarning qo‘nimsizligi, malakasizligi, raqamli texnologiyalarni yaxshi bilmaslik holatlari ko‘p uchraydi, - deydi “HR konsalting” korxonasi rahbari Shahnoza Asrorova. – Tadbirkorlar o‘rtasida ham ko‘plab huquqiy jihatlarni bilmaydiganlari bor. Shu bois, konsalting maslahat markazlariga talab ortib bormoqda. O‘z o‘rnida raqamli trexnologiyalarni yaxshi biladigan yoshlarga o‘rin berilmasligi yoki yetarli maosh bilan ta’minlanmasligidan ular xorijga ketib qolmoqda. Tadbirkorlar o‘rtasida “Ustoz-shogird” an’anasi yo‘qolib bormoqda. Shuning uchun katta mablag‘ evaziga xorijdan mutaxassis olib kelishga ehtiyoj ortyapti. Iqtidorli yoshlarni shu yerda saqlab qolish, talabalar saviyasi va tajribasini oshirishga harakat qilishimiz, ularga ko‘proq ishlash imkoniyatini berishimiz kerak. Amaliyotni katta korxonalarda bevosita o‘tashga sharoit yaratish lozim. Vaholanki, ular maoshsiz ham ish o‘rganish uchun amaliyot o‘tashga tayyor. Lekin korxonalarda ularni tajribasizligi uchun ishga xalaqit beradi deb hisoblashadi.
Uchrashuvda kadrlar tayyorlashda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar, qaysi sohalarga talab yuqoriligi borasida ham fikrlar bildirildi. Oliy ta’lim muassasalari vakillari ishlab chiqarish korxonalar vakillari bilan hamkorlikni kengaytirish borasida kelishib oldilar.
O‘ktam Xudoyberdiyev.