Al-Forobiy: Ezgulikka intilgan jamiyat farovon va barqaror yashaydi

Musulmon Sharqining buyuk mutafakkiri, faylasufi va qomusiy olimi Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn Uzlug‘ Tarxon Forobiyning ma’naviy merosi jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgani hech birimizda shubha uyg‘otmaydi. Chunki u umrini jamoatchilikka xizmat bilan o‘tkazgan. Asarlari shaxsga, inson farovonligiga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli. Shu bois uning ilmiy izlanishlari bugungi kunda ham dolzarbligini yo‘qotmagan. Falsafa, musiqa, matematika, mantiq, astronomiya, filologiya hamda tabiiy fanlarni chuqur o‘zlashtirgan qomusiy olim ilgari surgan g‘oya, fikr va tahlillar bugungi jamiyat taraqqiyotidagi dolzarb muammolar bilan hamohang.

Mutafakkir Sharq xalqlari tillarida ijod qilish bilan cheklanmay, o‘z davridagi murakkab va qarama-qarshi g‘oyalar, insonparvar qarashlarni tahlil qilib, ularning asl mohiyatini ochib bergan. Asarlarida insoniylik, ezgulik, do‘stlik, falsafiy tafakkur, san’at va davlat tuzilishi kabi masalalarni tadqiq etadi. Xususan, “Fozil shahar ahlining qarashlari haqida risola”, “Fazilatli xulqlar”, “Buyuk kishilarning naqllari”, “Ilmlar va san’atlar fazilati” asarlarida inson va jamiyat, rahbar va bo‘ysunuvchi tushunchalarini asoslaydi, ijtimoiy tuzumning o‘ziga xos nazariyasini ishlab chiqadi. “Baxt-saodatga erishuv haqida”, “Hikmat ma’nolari”, “Masalalarning tub mohiyati”, “Musiqa haqida katta kitob” asarlarida olam va atrof-muhit, insonning boshqa ijtimoiy institutlar bilan aloqalari haqida fikr-mulohazalarini bayon etadi.

Uning bunday salmoqli ilmiy izlanishlarini e’tirof etgan ilmiy jamoatchilik keyinchalik Forobiyni “Ikkinchi ustoz” sifatida tan olib, ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasini yuksak baholagan.

Al-Forobiy inson faoliyatida baxtga to‘g‘ri bilim orqali erishiladi, deb ta’kidlaydi. U jamiyatni davlat bilan tenglashtiradi va uni tirik organizmga qiyoslaydi: “Fazilatli shahar sog‘lom tana kabi bo‘lib, unda barcha a’zolar bir-biriga yordam berib, umumiy hayotni saqlaydi”.

Mutafakkir ijtimoiy-falsafiy qarashlarni tahlil qilar ekan, tadqiqot predmeti sifatida davlatni tanlaydi. Uning fikricha, ijtimoiy tuzumning eng oliy maqsadi - davlat, jamiyat hayoti davlat orqali ro‘yobga chiqadi. Davlat - insonlarning baxtga erishish yo‘lida o‘zaro munosabatlarining eng mukammal shakli. Shu nuqtai nazardan, “fazilatli shahar” deganda aholisi bir-biriga eng oliy kamolotga, ya’ni haqiqiy baxtga erishishda yordam beradigan jamiyat tushuniladi. Agar davlat rahbari johillik yo‘liga kirsa, u albatta o‘zining yomon niyatlarini amalga oshirish yo‘llarini izlay boshlaydi. Bunday holda uning faoliyatida hokimiyatparastlik, mansabparastlik, kibr-havo, boylik orttirish va nafsoniy lazzatlarga berilish ustunlik qiladi.

Alloma insoniyatning baxt va kamolotga erishish yo‘lidagi intilishlarini tahlil qilib, shunday deydi: “Agar odamlar bir-biriga baxtga erishishda yordam bersa, bunday jamiyat fazilatli jamiyat bo‘ladi. Agar xalqlar ham o‘zaro hamkorlik qilib yashasa, butun olam fazilatli bo‘lishi mumkin”.

Xulosa qilib aytganda, Abu Nasr al-Forobiy Turkiston zaminida, xususan, O‘tror hududida tavallud topgan buyuk mutafakkir sifatida jahon falsafiy tafakkuri tarixida alohida o‘rin egallaydi. Uning ilmiy-falsafiy merosi insoniyatning ma’naviy kamolotga intilish g‘oyalarini chuqur nazariy asoslash bilan birga, jamiyat taraqqiyoti va inson tafakkurining yuksalishida muhim metodologik manba sifatida namoyon bo‘ladi.

Pirimbek SULEYMENOV,

professor, “Al-Forobiy” ilmiy-tadqiqot markazi direktori.

Jadira KAZIYeVA,

Al-Forobiy nomidagi Qozoq Milliy universiteti katta o‘qituvchisi.