KOICAda o‘qiganlar 100 foiz ish bilan ta’minlanadi

O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya hukumatlararo kelishuvida beshta kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Shunga ko‘ra, 2012 yilda Toshkent shahrida, 2016 yilda Samarqand shahrida, 2018 yilda Shahrisabzda, 2021 yilda Farg‘ona shahrida KOICA kasb-hunarga o‘qitish markazlari ochilgan.

Samarqand shahridagi KOICA kasb-hunarga o‘qitish markazining qurilishiga Koreya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan 6,5 million dollar sarflangan va o‘quv ma’muriy, laboratoriya va yotoqxona binolari qurilgan. Qurilishdan tashqari barcha jihozlar Koreyadan keltirilgan. Shuningdek, o‘qituvchilar Koreyada ikki oy malaka oshirib kelgan hamda koreyalik o‘qituvchilar bilan hamkorlikda o‘quv rejalar va darsliklar tayyorlangan.

O‘quv markazi ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitadi va ish bilan ta’minlanishga yordam beradi. Markazga ishsiz fuqarolar bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan yo‘llanma asosida yuboriladi. Fuqaroning kasbi bo‘lmasa yoki kasbini o‘zgartirishni istasa ushbu markazga murojaat qiladi.

- Markazda o‘quvchilar olti oy kasb-hunar o‘rganadi va ikki oy sanoat korxonalarida amaliyot o‘taydi, - deydi Samarqand shahridagi KOICA kasb-hunarga o‘qitish markazi direktori Ismoil Ergashev. – Yoshlar respublikamizning barcha viloyatlaridan markazimizga keladi. Shuning uchun boshqa viloyatlardagi korxona va tashkilotlar bilan ham shartnomamiz bor, ya’ni ularga mutaxassis tayyorlab beramiz. Har qabulimizda 240 nafar o‘quvchi qabul qilamiz. Ularni 6 ta kasbga, ya’ni avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, payvandchilik, elektr va elektronika, mashinasozlik texnologiyasi, kompyuter injenering, kompyuter grafikasi va dizayn yo‘nalishlarida o‘qitamiz. Ushbu yo‘nalishlarga talab ko‘p bo‘lgani bois bitiruvchilarning yuz foizi to‘liq ishga joylashadi.

Muvaffaqiyatimizning asosiy sababi - korxonalar bilan yaxshi ishlash. Korxonaning talabiga binoan mutaxassis tayyorlagan markaz bitiruvchisiga talab yuqori bo‘ladi. Shuning uchun biz har olti oyda o‘quv rejamizga va darsliklarimizga qo‘shimchalar kiritamiz. Buning uchun avval korxonalarda so‘rovnomalar o‘tkazib, bizdan boradiganlar nimalarni bilishiga qiziqamiz.

Bundan tashqari, markaz Koreyaning Keimyug universiteti va Korea Polytechnics universiteti bilan 1+2 qo‘shma dasturlari mavjud. Unda tahsil oluvchilar bir yil Samarqandda kasb-hunar o‘rgansa, qolgan ikki yil Koreyada o‘qiydi. Bir yil ichida o‘quvchilarga kasb-hunar bilan birga koreys tili o‘rgatiladi. Koreys tilidan Topik-II olganlar Koreyada o‘qishini davom ettira oladi. Xorijda o‘qishini tugatganlar Ye-7 mutaxassis viza bilan Koreya korxonalarida bemalol ishlaydi.

- Qo‘shma dastur loyihasi bizda 2023 yilda boshlangan, - deydi markaz direktori. – 2024 yilda 10 kishi bitirdi va ulardan 7 nafari koreys tilidan Topik-II olib, Koreyaga o‘qishga ketdi. Hamma ham bir yilda koreys tilidan Topik-II ololmaydi. Topik-II ololmaganlar o‘zimizda sanoat korxonalariga joylashdi. Koreyaga ketganlar o‘qishini bitirib, o‘sha yerda sanoat korxonalarida ishlayapti. 2025 yilda 14 nafar o‘quvchi qo‘shma dastur asosida Koreyaga ketdi. Bu yil ham 15 dan ortiq o‘quvchi ketadi. Hozircha viza va hujjat ishlari olib borilyapti.

Mazkur kasb-hunarga o‘qitish markazining laboratoriya binosi va unda o‘quvchilarning kasb-hunar o‘rganayotgan jarayonlari bilan ham tanishdik. Haqiqatda har bir yo‘nalish uchun maxsus xonalar ajratilgan bo‘lib, ular eng so‘nggi rusumdagi texnika va texnologiya asbob-uskunalari bilan jihozlangan. 

- O‘quvchilar qaysi dasturni o‘rgansa, shu bo‘yicha topshiriqlarni bajaradi va ularni o‘zining telegram sahifasiga qo‘yib boradi, - deydi kasb-hunar ustasi Javlon Hakimov. - Ertaga ular ishga joylashish uchun biror korxonaga borganida, ushbu bajargan ishlarini ko‘rsatadi. Ular kompyuterda yasagan narsalarini amalda ham yasab ko‘rsatadi. Masalan, mana bu bloknotlarni va undagi dizaynni o‘quvchilar yasagan. Ba’zi qobiliyati kuchlilari bizda o‘qishini tugatib, o‘z tadbirkorligini ham ochyapti. O‘z tadbirkorligini boshlagan shogirdlarim bugun o‘ttiz nafardan oshdi.

- Andijon viloyati Baliqchi tumanidanman, - deydi Azimjon Kamoliddinov. – Yoshim 18 da. Tanishlarimdan ushbu kasb-hunar markazi haqida eshitib, o‘qishga keldim va kompyuter grafikasi va dizayn yo‘nalishida to‘rt oydan beri o‘qiyapman. Bu yerda CorelDRAW, Photoshop kabi dasturlarni o‘rgandik. Yana ikki oy boshqa dasturlarni ham o‘rganamiz, so‘ngra ikki oy amaliyot o‘taymiz. Bu yerda kasb-hunar o‘rganish bepul. Uzoqdan kelganlar yotoqxona bilan ta’minlanadi.

Markazda nafaqat kasbi yo‘qlar, balki oliy ma’lumotlilar ham kelib o‘qisharkan.

- Jizzax viloyatidan kelib o‘qiyapman, - deydi elektr va elektronika yo‘nalishi o‘quvchisi Javohir Rasulov. – Men dastlab Samarqand davlat universitetining filologiya yo‘nalishini bitirdim. So‘ngra magistraturaga o‘qishga kiraman deb yurganimda ushbu markazda o‘qigan kishi bilan tanishib qoldim. Uning tavsiyasi bilan o‘qishga keldim. Bu yerda kasb o‘rganish uchun barcha sharoitlar bor ekan. Rosti, o‘rganayotgan kasbimdan mamnunman. Nasib bo‘lsa, shu sohada yana o‘qishimni davom ettirib, zavodlarda ishlashni niyat qilyapman.

Kasb-hunar markazi har olti oyda yangi o‘quvchilarni qabul qiladi. Fevral oyida yangi o‘quvchilar qabul qilindi. Bu yerda har bir kasb puxta egallanadi. Buning uchun markazda barcha sharoitlar yetarli. Faqat yoshlarda kasb-hunar o‘rganishga ishtiyoq bo‘lsa yetarli.

Xurshida Ernazarova.