Samarqandda KOICA bo‘lg‘usi avtomobil ustalari bilimini sinovdan o‘tkazdi
Samarqand shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markazida Janubiy Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan O‘zbekistonda tashkil etilgan kasb-hunarga o‘qitish markazlari o‘quvchilari o‘rtasida kasbiy ko‘nikmalar ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Ilk bor o‘tkazilayotgan tanlovda Toshkent, Shahrisabz hamda Samarqand shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markazlari talabalari bellashdi.
Unda qatnashchilar avtomobillarni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish, elektronika va asbobsozlik, payvandlash ishlari (mexanik) texnigi hamda axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida o‘z mahoratlarini namoyish etdi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, Samarqand shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markazi jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shahrisabz kasb-hunarga o‘qitish markazi o‘quvchilari ikkinchi va toshkentliklar uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.
- Tanlovda axborot texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok etdim, - deydi Dilshoda Omonqulova. – Kelgusida veb-sahifalar yaratish, grafiklarni tahrirlash kabi ko‘plab yo‘nalishlarda aholiga xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ymoqchiman. Mazkur tanlovda bu boradagi loyihamni taqdim etdim.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umurzoqov, Janubiy Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning Toshkentdagi ofisi direktori Son Sung Il va Keimyung kollej universiteti sanoat bilan hamkorlik departamenti direktori Kim Yonkab o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolashdi.
Bahriddin XONKELDIYeV.