“Jamoatchi yordamchi”lar o‘z hududida ishsiz, kasb-hunar o‘rganish istagida bo‘lgan fuqarolarni o‘qishga jalb etish uchun targ‘ibot olib boradi

8 noyabr kuni telegram kanalimizda “Temurbeklar maktabi”ga ikki kishi topmasam ishdan ketarkanman” mazmunidagi murojaat e’lon qilingan edi.

Ushbu murojaat yuzasidan viloyat bandlik bandlik boshqarmasi javob yo‘lladi. Unda, jumladan, shunday deyiladi:

"Mazkur holat yuzasidan boshqarma mas’ullari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2O2I yil 5 martdagi qarorida "Ayollar daftari" va ’’Yoshlar daftari"ni samarali yuritish, ishsiz fuqarolarga bandlik sohasida tizimli yordam ko‘rsatish hamda “mahallabay” tizim asosida ishlarni tashkil qilish maqsadida 11 oy muddatgacha har bir mahallada mehnat inspektorlariga “jamoatchi-yordamchi”larni jalb etish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Mehnat inspektoriga “jamoatchi yordamchi”larining asosiy vazifalari etib:
- mahalla hududidagi korxona va tashkilotlarda doimiy bo‘sh (vakant) ish o‘rinlariga joylashtirishga ko‘maklashish;
- hududda tashkil etilayotgan haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etish;
- mehnat bozorida talab bo‘lgan kasb-hunarga o‘qishga yuborish va boshqalar belgilangan.

Yuqoridagi vazifalardan kelib chiqib, Samarqand tumani aholi bandligiga ko‘maklashish markazi rahbari J.Melikov tomonidan “jamoatchi yordamchi”larga biriktirilgan hududdagi ishsiz, kasb-hunar o‘rganish istagida bo‘lgan fuqarolarni o‘qishga jalb etish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish va o‘qishga jalb etish bo‘yicha topshiriq berilgan".