Bu yil Samarqandda 8 ming nafar yoshlar kasb-hunarga o‘qitiladi

Bu haqda bugun Samarqand shahridagi yoshlar markazida “Zamon talabiga muvofiq, kasb-hunar yo‘nalishida kadrlarni tayyorlash masalasi” mavzusida bo‘lib o‘tgan yoshlar bilan uchrashuvda ma’lum qilindi.

- Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanalida qurilayotgan turizm markaziga yuqori saviyali, jahon standartlariga mos xizmat ko‘rsatadigan yigit-qizlar kerak, - dedi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umurzoqov. – Turizm markazida qurilayotgan besh yulduzli mehmonxonalar, park va savdo markazlariga 26 xil mutaxassislarni tayyorlashimiz kerak. Ularga yuqori darajada maosh to‘lanadi.

Tadbirda shahar va tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari ishsiz yoshlar va maktab bitiruvchilarini kasb-hunarga o‘qitishga jalb etishi ta’kidlandi. Bunda, albatta, ularga maktab direktorlari va mahalla yaqindan yordam beradi.

2022 yilda ishga tushishi kutilayotgan turistik markazda 2 ta besh yulduzli, 2 ta to‘rt yulduzli mehmonxona, savdo markazlari va parklar barpo etilmoqda. Uchrashuvda mazkur markazga yuqori saviyadagi mutaxassislar tayyorlash rejalashtirildi. Turistik markazda ishlovchi yoshlar rus va ingliz tillarini bilishi kerak.