Bu yil Samarqandda kasb-hunar maktablariga 9420 nafar bitiruvchi qabul qilinadi
- 2022-2023 o‘quv yilida viloyatdagi 37 ta kasb-hunar maktabiga 49 ta kasb bo‘yicha 9420 nafar 9-sinf bitiruvchilarini qabul qilish rejalashtirilgan, - deya Zarnews.uz’ga ma’lum qildi viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Otajon Norov. - Yangi o‘quv yilida eng ko‘p va eng kam qabul qilinadigan kasblar aniqlandi. Masalan, eng ko‘p qabul qilinadigan kasblardan tikuvchilikka 1590 nafar, payvandlovchilikka (elektrgazpayvandlash ishlari) 1050 nafar, avtomobil shassisiga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash yo‘nalishiga 810 nafar, traktorchi-mashinistlikka 660 nafar hamda elektromontyorlikka 630 nafar 9-sinf bitiruvchilari qabul qilinadi.
Shuningdek, talab kam bo‘lgan maishiy texnika jihozlarini ta’mirlash, bank nazoratchisi, agrokimyo va tuproqshunoslik laboranti, melioratsiya texnikasi operatori, suv ta’minoti hamda kanalizatsiya tarmoqlari kuzatuvchisi, tokar, chorvador kasblariga 15-30 nafargacha o‘quvchi qabul qilish bo‘yicha reja takliflar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga kiritildi.
2022-2023 o‘quv yilida 9-sinf bitiruvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga asosan 9550 nafar o‘quvchi viloyatdagi kasb-hunar maktablarida o‘qish istagini bildirdi.
Kasb-hunar maktablarida ta’lim olish, umumta’lim maktablarining joriy yil 9-sinf bitiruvchilari hisobidan 2 yillik umumta’lim va mutaxassislik fanlarining integratsiyalashgan dasturlari asosida kunduzgi ta’lim shaklida amalga oshiriladi.
Kasb-hunar maktablariga 9-sinf bitiruvchilarining hujjatlarini qabul kilish jarayoni har yili 1 iyuldan 20 iyulga (shu kuni ham) qadar onlayn yoki an’anaviy tarzda amalga oshiriladi.