22 yo‘nalishda kasbiy ta’lim, qonuniy mehnat migratsiyasi, ish o‘rganishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar...
Bular Samarqand shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi tomonidan ishsiz fuqarolarga berilayotgan imkoniyatlarning bir qismi.
Viloyat bandlik bosh boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan press-turda markazdagi boshqa qulayliklar bilan ham tanishdik.
2021 yilning 5 mayida tashkil etilgan markazda bugunga qadar 1048 nafar ishsiz fuqaro o‘z qiziqishi bo‘yicha kasbga o‘qitilib, tegishli sertifikatlarga ega bo‘ldi. E’tiborlisi, unda tinglovchilarni ish bilan ta’minlash masalasi ham e’tibordan chetda qolgani yo‘q, shu kungacha bitiruvchilarning 90 foizi bandligi ta’minlangan.
- Bugungi kunda 102 ta tashkilotga hamkorlik shartnomasi asosida zarur kadrlarni yetkazib beryapmiz, - deydi monomarkaz direktori Dilshod Pardayev. - Asosan ayollar sartaroshi, tikuvchi, payvandchi, elektr tarmog‘i muhandisi va oshpazlarga talab katta. Ish jarayonida bu inobatga olinmoqda, albatta. Jumladan, markazda tikuvchilik yo‘nalishidagi guruhlar soni uchtaga yetkazildi. Bugun ularda 15 nafar eshitishida nuqsoni bor xotin-qizlarimiz ham kasb sirlarini o‘rganmoqda.
Tikuvchilar xonasiga kirdik. Hayratlanganimiz - tinglovchilarga darsni bir vaqtning o‘zida ikkita mutaxassis tushuntirmoqda. Ulardan biri mahoratli tikuvchi bo‘lsa, ikkinchisi uning so‘zlarini tarjima qilayotgan surdopedagog edi. Chunki monomarkazda eshitishida nuqsoni bor fuqarolarni kasbga o‘qitish uchun surdopedagog shtati ham ochilgan. Tinglovchilardan biri bilan surdopedagog yordamida suhbatlashdik.
- O‘qishni boshlaganimga bir oy bo‘ldi, - deydi payariqlik Ro‘zigul Usmonova. - Monomarkazda tashkil etilgan tadbirda qatnashib, unda kasb o‘rganayotgan tingdoshlarim mahoratiga havas qilgan edim. Mana, o‘zim ham tikuvchilikni o‘rganish uchun keldim. O‘qishni tugatib, tumanimizdagi tikuv fabrikalaridan biriga ishga kirmoqchiman. Hozircha markaz yotoqxonasida turibman. Bu yerda barcha qulayliklar bor. Dildora opa (surdopedagog) har bir ishimizda bizga ko‘mak berib turibdi.
Ayollar sartaroshligi bo‘yicha o‘qiyotgan Mohichehra Otamurodova va Parizoda Mo‘minovaning ham maqsadi bor. Ular hamkorlikda go‘zallik saloni ochib, ishsiz yurgan qo‘shni ayollarni ham yoniga olmoqchi.
Monomarkazda, shuningdek, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, issiqxona texnologiyasi, zargarlik, kosmetolog, qandolatchi singari mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan 22 ta yo‘nalishda kasblar o‘rgatilmoqda.
- Jomboydan kelib, ustachilikni o‘rganyapman, - deydi maishiy uy-ro‘zg‘or elektrotexnik buyumlarni tuzatish ustachiligi bo‘yicha o‘qiyotgan Jabbor Donaqulov. - O‘qishni boshlaganimga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, buzilgan dazmolni ta’mirlashni o‘rganib oldim. Uyimdan ustaxona ochmoqchiman.
Viloyat bandlik bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, shu kunlarda viloyatimizning olis tumanlarida 38 ta kasbga o‘qitish markazi tashkil etilgan. Yil yakunigacha har bir tumanda kamida 7 ta shunday markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Albatta, ularda o‘quv jarayoni hududdagi mehnat bozori talablaridan kelib chiqib tashkil etiladi.
Asqar Barotov.