Nogironlik imkonsizlik emas

Nogironligi bo‘lgan shaxslar alohida guruh emas, balki jamiyatning teng huquqli a’zolaridir. Ular kuchli iroda, mehnatsevarlik va hayotga bo‘lgan ijobiy qarashlari bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘ladi.

Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizning 57-moddasida “Mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasidadir”, deya qayd etilgan.

3 dekabr — Xalqaro nogironligi bo‘lgan shaxslar kuni munosabati bilan viloyat hokimligi tomonidan o‘tkazilgan xayriya marafonida qatnashgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sohibnazar Boymurodov, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Farmon Toshev, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sherali Yo‘ldoshev, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati viloyat bo‘limi raisi Dilmurod Pardayev va boshqalar yurtimizda ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Aholining ushbu qatlami o‘zining fidoyiligi bilan yurt taraqqiyoti yo‘lida tashabbuskorlardan bo‘layotganligi alohida ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

- Joriy yilning o‘tgan davrida nogironligi bo‘lgan shaxslarning 5 ming 864 nafarining doimiy bandligi ta’minlandi, 6009 nafari o‘zini-o‘zi band qilish faoliyat turlari bo‘yicha ish boshlagan bo‘lsa, 3672 nafari parasportga jalb qilindi, 3086 nafari esa imkoniyati cheklangan bolalarga tegishli ta’lim turlari bo‘yicha o‘qishga yo‘llanmalar berildi va 12 ming 448  nafari reabilitatsiya vositalari va protez-ortopediya mahsulotlari bilan ta’minlandi, - deydi Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi viloyat bo‘limi boshlig‘i Doston Malikov. - Eng muhimi, nogiron bo‘lib qolgan yurtdoshimiz xalqimizning, davlat idoralarining mehr-e’tiboridan chetda qolmasdan, o‘zining mehnati va qobiliyati bilan nafaqat hayotda o‘z o‘rnini egallab kelmoqda, balki azmu matonati, sabr-bardoshi va shukronalik fazilatlari bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘lmoqda. Bugungi kunda viloyatda 111 mingdan  ortiq nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimiz hech kimdan kam bo‘lmasdan istiqomat qilib kelmoqda. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, o‘zlarini jamiyatning to‘laqonli a’zosi ekanliklarini his etishlari uchun davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Sana munosabati bilan o‘tkazilgan xayriya marafoni ham xalqimizga xos saxovat va mehr-muruvvat an’analarini o‘zida namoyon etdi. Xayriya davomida tushgan mablag‘lar o‘zgalar ko‘magiga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoyasiga yo‘naltiriladi.

Tadbir doirasida ishtirokchilarning Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohati  uyushtirildi.

- Nogironlik imkonsizlik emas, - deydi Past Darg‘om tumanidagi 2-sport maktabi bandminton bo‘yicha murabbiyi, 1-guruh nogironi Umar Shodiyev. – Baxtsiz hodisa tufayli nogironlik aravachasiga mixlandim. Ammo, umidsizlikka tushmadim. Mana, besh yildirki badminton bo‘yicha murabbiylik faoliyatini olib boryapman. Ayni paytda to‘qqiz nafar nogironligi bo‘lgan bolalar bilan parabadminton bo‘yicha mashg‘ulotlar olib bormoqdaman. Shogirdlarimga birinchi navbatda jismoniy imkoniyatning cheklanganligi hayot tugadi, degani emasligini uqtiraman. Hayot harakatdan iborat ekanligiga ishontirib, bor imkoniyat bilan maksimal harakat qilishga undayman. Maqsadimiz xalqaro maydonlarda ham cheklangan imkoniyatimiz bilan cheklanmagan orzularimizni amalga oshirishdan iborat.

Sana munosabati bilan o‘tkazilgan tadbir dasturxon atrofida davom etdi. Viloyat san’atkorlari tomonidan tuzilgan konsert dasturi tadbirga ko‘tarinkilik ulashdi.

Alisher Isroilov.