O‘quvchi-yoshlar imtiyozlardan bahramand bo‘ldi

Samarqand shahrida viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi tashabbusi bilan “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi asosida viloyatdagi maxsus kasbiy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan o‘quvchi-yoshlar uchun bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda  o‘rta maxsus o‘quv yurtlarining nogironligi bo‘lgan 74 nafar o‘quvchilari va ularning ustoz-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar bu kabi o‘quvchi-yoshlarga davlatimiz tomonidan imtiyoz va imkoniyatlar yaratilayotgani, ular o‘zlarini yolg‘iz his etmasligi, zarur bilim va kasb-hunarlarni egallab, tengdoshlari qatori soha va tarmoqlarda mehnat qilishi, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun barcha shart-sharoitlar mavjudligi borasida o‘z fikrlarini bildirdi.

Dastlab yoshlar Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari hamda Registon maydoni, Amir Temur majmuasi, Bibixonim madrasasi kabi tarixiy yodgorliklarini ziyorat qilishdi.

Bir piyola choy ustida davom etgan tadbirda namoyish etilgan bayramona konsert va shou dasturi yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Ma’naviy tadbir yakunida tashkilotchilar yoshlarga bayram sovg‘alarini topshirdi. 

Dilmurod TO‘XTAYeV.