Jomboyda 14 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarga uy-joy olish uchun imtiyoz berildi
Jomboy tumanida 3 dekabr - Xalqaro nogironlar kuni oldidan bayram tadbiri o‘tkazildi.
Bugun tumanda 2500 ga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslar istiqomat qiladi. Joriy yilda ularning 14 nafariga imtiyozli uy-joy uchun boshlang‘ich to‘lovlar o‘tkazib berilgan. Yuzga yaqin nogironlik aravachasi, eshitish moslamasi, hassa-tayoq kabi reabilitatsiya vositalari ajratilgan.
Tadbirda tuman hokimi hamda sektor rahbarlari ishtirok etib, mehmonlarni yaqinlashib kelayotgan Konstitutsiya qabul qilingan kun munosabati bilan tabrikladi. Tuman hokimligi sovg‘alari o‘z egalariga topshirildi.
Madaniyat bo‘limi xonandalari ijro etgan diltortar taronalar bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
– Inson borki, mehrga, e’tiborga ehtiyoj sezadi, – deydi R.Oqbo‘tayeva. – Kimningdir ko‘nglini ko‘tarish, holidan xabar olish asl insoniylikdan. Inson qadri baland bo‘lgan yurtimiz farovonligiga ko‘z tegmasin!
Kunning ikkinchi yarmida mutasaddilar xastalikka chalingan fuqarolar xonadoniga borib, ularga bayram sovg‘alari topshirildi.
Jomboy tuman hokimligi axborot xizmati.