Prezident: Imkoniyati cheklangan fuqarolarni ular uchun mos keladigan ishga qabul qilgan idoralarga imtiyoz beriladi

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 dekabr - Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga murojaatida to‘xtalib o‘tdi.

“Nogironligi bo‘lgan yoshlarga barcha darajada sifatli ta’lim olishi uchun teng imkoniyatlar yaratiladi.

Jumladan, kelgusi o‘quv yilidan boshlab alohida ta’lim olishga ehtiyoji bor bolalarning 24 foizi, 2025 yilda esa 40 foizi oddiy maktablarda o‘qishi uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Shuningdek, inklyuziv ta’limning resurs markazlari soni 14 barobarga ko‘payib, 200 tadan oshadi.

Ikkinchidan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish va ular uchun munosib ish o‘rinlarini yaratish orqali ularning daromadini ko‘paytirishga qaratilgan chora-tadbirlar yanada kuchaytiriladi. Bu borada ularni zamonaviy kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha maxsus dasturlar ishlab chiqiladi.

Shuningdek, har bir inson uchun davlat hisobidan kasb-hunar o‘rganish imkoniyati yaratiladi, shu maqsadda ajratiladigan mablag‘lar 2 barobarga oshiriladi.
Barcha darajadagi davlat idoralariga imkoniyati cheklangan fuqarolarni ular uchun mos keladigan ishga qabul qilishda ustunlik va imtiyoz beriladi.
Bundan tashqari, tadbirkorlarning nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilish borasidagi tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanib, ularni rag‘batlantirish choralari ko‘riladi. Jumladan, bunday tadbirkorlar va ishga qabul qilingan fuqarolarga qo‘shimcha soliq imtiyozlari beriladi va davlat tomonidan subsidiyalar ajratiladi”, dedi davlat rahbari.

Shuningek, nogironligi bo‘lgan bolalarni sog‘lomlashtirish uchun Respublika bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi va uning hududiy filiallari tashkil etilishi, har yili 2 ming nafar bolada tug‘ma yurak nuqsoni va bosh miyadagi patologik o‘zgarishlar bo‘yicha jarrohlik amaliyotini o‘tkazish belgilanayotgani ma’lum qilindi.