Kasb-hunarga o‘qitish markazida stipendiya beriladimi?
Kattaqo‘rg‘on shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markazi 2020 yilning sentyabr oyidan ish boshladi. Unda oshpaz-qandolatchi, tikuvchi, payvandlovchi, elektrik, kompyuter operatori, santexnik, umumqurilish ustasi, bog‘dorchilik va issiqxona ishchisi kabi kasblarga o‘qitilmoqda. Markazga shahar ahlidan tashqari Narpay, Paxtachi, Nurobod, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on tumanlaridan 18 yoshdan oshgan ishsiz fuqarolar kelib kasb-hunar o‘rganmoqda.
- Dastlab markazimizda 9 yo‘nalishda kasb o‘rgatilgan bo‘lsa, bugun 11 yo‘nalishda ishsiz va xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar o‘qitilmoqda, - dedi markaz direktori Javlon Qo‘ldoshev. – Yaqin oylarda aholiga 30 yo‘nalishda kasb-hunar o‘rgatishni yo‘lga qo‘yamiz. Ammo hozircha yotoqxonamiz yo‘q. Tumanlardan kelgan fuqarolar Kattaqo‘rg‘on shahrida ijara uylarda yashab o‘qiyapti.
Kasb-hunarga o‘qitish markazi binosi 825 o‘rinli bo‘lsa-da, hozircha 370 nafar o‘quvchi ikki navbatda kasb o‘rganyapti. Darslar ertalab soat 08:30 dan 12:50 gacha, ikkinchi navbatda o‘qiydiganlar uchun 13:00 dan 17:00 gacha tashkil etilgan.
Rostdan stipendiya beriladimi?
Markazda tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish bo‘limlaridan yo‘llanma asosida kelganlarga oyiga 239 ming so‘mdan stipendiya beriladi. Xorijga chiqish istagida bo‘lganlar esa stipendiyasiz o‘qiydi.
- Men opam bilan Narpay tumanidan tikuvchilik kursiga qatnayapman, - dedi Shohida Abduhalimova. – Yoshim 27 da, opam 41 yoshda. Hozir erkaklar uchun ko‘ylak va shim tikishni o‘rganyapmiz. Bir yarim oy ichida tikuvchilikni ancha o‘rgandim. Opam ikkalamiz o‘zimiz yashaydigan Tepaqo‘rg‘on mahallasida subsidiya asosida atele ochishni rejalashtiryapmiz. Ammo bizga va’da qilingan stipendiya puli hali berilgani yo‘q.
Boshqa kurslarda o‘qiyotganlar ham stipendiya olmayotganini aytdi. Faqat Kattaqo‘rg‘on shahrida istiqomat qiluvchilarga shahar bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan stipendiyalar vaqtida berilayotgan ekan. Tumanlardan qatnovchilar esa stipendiyasiz o‘qimoqda.
Savatchilik kursida toshkentlik hunarmand Shokir Tojiboyev ayollarga turli hajmdagi savat to‘qish sirlarini o‘rgatmoqda.
- Bu hunar ortidan ham yaxshi daromad qilib, ro‘zg‘or tebratsa bo‘ladi, - deydi usta. – Men har yili Toshkentdan Siyob bozoriga 3-4 mingta savat jo‘nataman. Savatlarni nafaqat aholi, balki xorijlik sayyohlar ham yaxshi xarid qiladi. Savatchilikni 3 oy o‘rgatish shart emas. Iqtidori borlar 10 kunda ham savat to‘qishni mukammal o‘zlashtira oladi. Uzog‘i bilan bir oyda yaxshi mutaxassis bo‘ladi.
Hali ochilganiga besh kun bo‘lgan bu kursda chiroyli savatlar tayyorlanib devorga osib qo‘yilgan.
- Savat to‘qish asabni tinchlantirarkan, - dedi Komila Turdiyeva. – Bu hunarni besh kunda ancha o‘zlashtirib oldim. Vaqtincha ishsiz bo‘lganim sababli hunar o‘rganay deb kelyapman.
Issiqxona bor, bilim yo‘q edi
Kompyuter operatorligi kursiga qatnayotgan nurobodlik Sojida Qalqonova o‘zi istiqomat qiladigan Jarquduq qishlog‘ida paynet shoxobchasi ochmoqchi.
- To‘rt nafar farzandim bor, - dedi u. – Shu paytgacha hech qayerda ishlamaganman. Kattaqo‘rg‘on shahrida kasb-hunarga o‘qitish markazi ochilganini eshitib, bir yarim oydan buyon kompyuter operatorligi kursiga qatnayapman. Qishlog‘imizda paynet shoxobchasi yo‘q, shu sababli kompyuterni o‘rganyapman.
Bog‘dorchilik va issiqxona ishchisi kursida tahsil olayotganlarning orasida 60 yoshli ayolni uchratdik.
- Yozda hovlimga 12x8 metr maydonda Kattaqo‘rg‘on shahar bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan issiqxona qurib berildi, - dedi Xayriniso Jabborova. – Dastlab ko‘kat ekdik. Issiqxonadan yanada ko‘proq daromad qilishni istayman, ammo bunga yetarli bilim kerak. Shuning uchun ushbu kursda o‘qiyapman.
Aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsadida joylarda tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari tomonidan subsidiya asosida issiqxonalar qurib berilmoqda. Ammo hamma ham undan unumli foydalanishni bilmayapti. Markazda ochilgan bog‘dorchilik va issiqxona ishchisi kursi aynan shunday fuqarolarga qo‘l kelmoqda. Kursda o‘qiyotganlarning aksariyatining uyida issiqxona bor, ammo undan qanday qilib mo‘l hosil olishni bilmaydi.
Chetga borish uchun hunar kerak
Pandemiya sharoitida davlatlar o‘rtasida kirib-chiqish tartibi ham o‘zgardi. Masalan, Rossiya Federatsiyasi migrantlardan biror kasbni egallaganini tasdiqlovchi hujjat talab qilyapti. Markazdagi payvandchilik, elektrik, santexnik, umumqurilish kurslarida aynan Rossiya davlatiga bir necha yillardan beri qatnab ishlab kelayotganlar o‘qimoqda. Ularning qanday hunar o‘rganayotganiga qiziqdik. Umumqurilish, elektrik kurslarida hunar o‘rganayotgan yigitlar kursga qatnayotganidan mamnun ekanini bildirishdi. Ammo ba’zilar muammolar borligini ham aytdi.
- Argonli payvandlashni (argon svarka) o‘rganish uchun kursga qatnayapman, ammo bu yerda argonli payvandlash uskunasi yo‘q ekan, - dedi Eldor Rasulov. – O‘zim ancha yildan beri Rossiyada ishlayman. Oddiy payvandlashni yaxshi bilaman. Markazga argonli payvandlash uskunasi berishsin.
Markazda bizga yoqqani oshpazlik kursi bo‘ldi. 5-razryadli oshpaz Gavhar Ibragimova yoshlarga Yevropa va milliy taomlarni o‘rgatayotganiga guvoh bo‘ldik.
- Nazariya bilan amaliyotni birgalikda olib boryapman, - dedi oshpaz murabbiy. – Masalan, restoranlardan buyurtma tushsa, o‘quvchilarni olib borib, dasturxon bezashdan taomni qanday tayyorlash va tortish san’atigacha tushuntiryapman. Ular uch oyda nafaqat oshpaz, balki ofitsiantlik sirlarini ham o‘rganyapti.
Markaz o‘quvchilariga aynan bir hunar o‘rgatilgani bois ular uch oyda ikki yillik kollej dasturini o‘zlashtiradi. Shuning uchun kasb-hunarga o‘qitish markazini bitirganlarga sertifikat beriladi. Sertifikat egasi xorijda ham ushbu kasbda ishlashi mumkin.
Kattaqo‘rg‘on shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markazi ayrim kamchiliklarni aytmaganda ishsiz fuqarolarga uch oyda hunar o‘rganish uchun katta imkoniyat.
Xurshida Ernazarova,
Baxtiyor Mustanov (foto).