Fan olimpiadasi adolatli o‘tkaziladimi?

Adabiyot fani o‘qituvchimiz meni ona tili va adabiyotdan fan olimpiadasiga olib bordi. O‘shanda 9-sinfda o‘qirdim. Fan olimpiadasi ikki bosqichda: yozma ish va savol-javobdan iborat edi.

Yozma ishda o‘quvchilar ixtiyoriy ravishda berilgan mavzulardan birini tanlab, insho yozdi. Ikkinchi bosqichda o‘quvchilar hay’at oldida bilet olib, unda yozilgan savollarga javob berishi kerak edi. Men navbatimiz kelishini kutib, boshqa maktabdan kelgan tengdoshlarim bilan tanishib turgandim, o‘qituvchim kelib, savollarga shoshilmasdan javob berishimni tayinlay boshladi. Tengdosh qizlardan biri o‘qituvchisiga “Ustoz, qaniydi menga 15-bilet tushsa”, deganini eshitib qoldim. Men hayron bo‘lib, o‘qituvchimdan: “Bu qiz biletdagi savollarni qayerdan biladi?”, deb so‘radim.

U paytlar hali tanish-bilish, g‘irromlik, adolatsizlik degan tushunchalardan yiroq edim. Fan olimpiadasidan xafa bo‘lib qaytganim, inshodan besh, og‘zaki savol-javobdan to‘rt baho olganim yodimda. U paytlar savol-javoblar har bir tumanning o‘zida komissiya tomonidan tuzilardi. Tabiiyki, komissiya a’zolari maktablardan saralab olingan o‘qituvchilar bo‘lardi. Shuning uchun ham fan olimpiadalarida bilimli, iqtidorli o‘quvchilar qolib, bilimi o‘rtacha bo‘lsa-da, tanish-bilishi bor o‘quvchilar faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritardi.

Nega bularni eslayotganimni sezayotgan bo‘lsangiz kerak. Oradan o‘ttiz yil o‘tib ham “Nahotki, adolatli ta’lim tizimi joriy etilmagan bo‘lsa”, degan savol paydo bo‘lyapti. Yaqinda matematika fanidan bo‘lib o‘tgan tuman (shahar) bosqichi olimpiadasida imtihon savollari musobaqa boshlanishidan oldin tarqalib ketgani haqida xabarlar yoyildi. Bu holat jamoatchilik orasida keng muhokamaga sabab bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur savollar Fan olimpiadalari markazi tomonidan maxsus ishchi guruhlar ishtirokida tuzilgan va har bir hududda markazlashgan holda chop etilgan. Biroq ayrim hududlarda savollarni chop etish jarayonida mas’ul shaxslar tomonidan tartib buzilib, materiallar noqonuniy yo‘l bilan tashqariga chiqib ketgan.

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, ayrim xodimlar savollardan namuna olib, ularni ijtimoiy tarmoqlar yoki messenjerlar orqali tarqatgan. Bu holat sinov natijalariga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi sababli matematika fanidan olimpiadaning tuman (shahar) bosqichi 9-, 10- va 11-sinflarda qayta o‘tkazilishi belgilandi.

Xullas, 14 oktyabr kuni matematika fanidan o‘tkazilgan barcha tuman (shahar)lardagi natijalar bekor qilindi hamda 24 oktyabr kuni mazkur fandan qayta olimpiada o‘tkazildi.

- Savollar vazirlikda Fan olimpiadalari markazi tomonidan tuziladi va har bir viloyatga mas’ul biriktiriladi, - deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi o‘quvchilar bilimini baholash va tahlil qilish shu’basi rahbari Gulmira Salimova. – Bizda fan olimpiadasi uchun alohida shtab tashkil qilingan. Shtab to‘liq jihozlanib, kameralashtirilgan. Vazirlik tomonidan biriktirilgan mas’ul nazoratida shtabda savollar ko‘paytirilib, fan olimpiadasi qatnashchilariga imtihon jarayonida beriladi. Fan olimpiadasining viloyat bosqichi noyabr oyi oxiri va dekabr oyining boshida tashkil qilinadi. Biz olimpiadaning viloyat bosqichini Qorasuv massividagi 82-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘tkazishni rejalashtiryapmiz.

Demak, endilikda savollar Fan olimpiadalari markazi tomonidan maxsus ishchi guruhlar ishtirokida tuziladi. Ammo unga mas’ul bo‘lganlar o‘z vazifasiga panja orasidan qarasa, ijtimoiy tarmoqlarda yuqoridagi singari shov-shuvli xabarlar tarqaydi hamda yoshlarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi susayadi. Fan olimpiadalari nafaqat o‘quvchining bilimini, balki uni o‘qitgan muallimning mahoratini ham baholaydi. Shuning uchun ham olimpiada g‘oliblari tuman, viloyat, respublika miqyosida pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Afsuski, mukofot puli bor tanlovlarda g‘irromliklar bo‘lib turadi.

Har yili maktablar reytingi viloyatlar kesimida tahlil qilinganda, fan olimpiadasidan respublika tanlovida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar natijalari kiritiladi. Viloyatdagi mas’ullar ertaga reyting ko‘rsatkichi pastligidan uyalib qolmasligi uchun ham fan olimpiadalarini adolatli o‘tkazishi shart.

Shu o‘rinda bir narsani aytish o‘rinli. Kechagi o‘qituvchidan bugungi o‘qituvchining farqi bor. Kechagi o‘qituvchi tizimdagi nohaqliklarni bilsa ham aytmasdi, ishidan ayrilishdan qo‘rqardi. Bugungi o‘qituvchi har holda o‘z haq-huquqini talab qilyapti, nohaqliklarni darhol ijtimoiy tarmoq orqali bildiryapti. Buning ortidan pedagoglarning ancha muammolariga yechim topildi. Masalan, o‘tgan yili o‘zbek tili o‘qituvchilarining noroziligidan so‘ng ularga ham milliy sertifikat uchun 50 foizli ustama to‘lanadigan bo‘ldi. Ammo hali bu tizimda muammo va kamchiliklar talaygina.

Nima bo‘lgan taqdirda ham shaffoflik va adolat har bir sohada bo‘lishi kerak. Buning uchun nafaqat pedagoglar, balki keng jamoatchilik ham nohaqliklarga befarq qaramasligi lozim.

Xurshida ERNAZAROVA.