KOICA tanlovida g‘olib bo‘lgan o‘qituvchi va talabalar taqdirlandi
Koreya Xalqaro Hamkorlik Agentligi (KOICA)ning xalqaro mehnat bozori talablariga mos kadrlar yetishtirishda amalga oshirayotgan ishlari e’tiborga loyiq. Ayniqsa, uch yil avval KOICA va Koreyaning Keimyung Culture universiteti hamkorligida tashkil etilgan “VETIC+” — Kasb-hunar ta’limini innovatsion rivojlantirish markazi bu yo‘nalishdagi eng muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Uning asosiy vazifasi — KOICA o‘quv markazlarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar va talabalar salohiyatini zamonaviy texnologiyalar asosida oshirish. Samarqand kasb-hunar o‘quv markazi esa bu borada yetakchi baza sifatida raqamli ta’lim tizimini rivojlantirishni o‘z oldiga maqsad qilgan. Bu yerda nafaqat mahalliy o‘qituvchilar, balki koreyalik mutaxassislar ishtirokida innovatsion dars uslublari, raqamli treninglar va amaliy mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan.
— KOICAning PPP loyihasi doirasida universitetimiz olti yildan buyon Samarqand kasb-hunar markazining ta’lim salohiyatini oshirish, o‘quv muhitini yaxshilash va zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash ishlarini amalga oshirib kelmoqda, — deydi loyiha rahbari, Koreyaning Keimyung Culture universiteti professori Li Sang Seog. — Mazkur loyiha doirasida yaqinda O‘zbekistondagi KOICA markazlari o‘rtasida “O‘qituvchi va talabalar salohiyatini oshirish” tanlovi tashkil etildi. Tanlovda 24 nafar o‘qituvchi va 15 nafar talaba IT, dizaynerlik, mashinasozlik hamda zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalanish yo‘nalishlari bo‘yicha bellashdi. Bu kabi tanlovlar orqali biz o‘qituvchi va talabalarni xalqaro tajribalar asosida yangicha fikrlashga, bilim va ko‘nikmalarini oshirishga ko‘maklashyapmiz.
Tanlov natijasiga ko‘ra, Samarqand o‘quv markazi o‘qituvchisi Abdulqodir Homidov va shu markaz talabasi Mansur Sultonov gran-pri sovrinini qo‘lga kiritdi. G‘oliblar va faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan sovrindorlar pul mukofotlari, sertifikatlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Viloyat kasbiy ko‘nikmalar mintaqaviy markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Shin Myung Seop, viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i Temur Mahmudov, Keimyung universiteti professorlari hamda KOICA markazlari rahbarlari ishtirok etdi.
— KOICA O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limi tizimini mustahkamlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasidagi hamkorlikni davom ettiradi, — dedi Shin Myung Seop. — Ayniqsa, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida iqtidorli yoshlarni tayyorlash, ularni mahalliy va xalqaro ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Tadbir davomida o‘qituvchi va talabalar startap loyihalarining taqdimotini o‘tkazdi. Shuningdek, “1+2” dasturi bitiruvchilariga diplomlar topshirilib, Koreyaning Keimyung Culture universiteti va Shahrisabz KOICA markazi o‘rtasida “1+2” dasturi bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.