Bobur suratdagidek bo‘lganmi?

Buyuk bobokalonlarimizning ko‘pchiligi, aniqrog‘i, shaxsiyati haqidagi bugungi ma’lumotlar chalkash. Ayrim hollarda esa o‘ta ishonchsiz ko‘rinadi...

Masalan, temuriylar sulolasining yovqur davomchisi bo‘lgan Zahiriddin Muhammad Bobur haqida ham shunday deyish mumkin.

To‘g‘ri, Bobur o‘ta mashhur tarixiy shaxs. U 1483 yili Farg‘ona vodiysida tug‘ilgan va 1530 yili vafot etgan. Boburning hayoti va ijodi ham tarix, ham adabiyotda, ham harbiy sohada muhim ahamiyatga ega.

Yetuk sarkarda

12 yoshida taxtga o‘tirgan temuriy shahzoda dastlab Farg‘ona, so‘ng Samarqand va shu kabi boshqa mintaqalarda ham o‘z davlatini mustahkamlashga harakat qilgan. Keyinroq, 1526 yilda Dehli va Agrani bosib olib, Boburiylar sulolasining asoschisi bo‘lgan. Shu tariqa yangi davlat — Boburiylar imperiyasi barpo etilgan.

Bobur o‘z davridagi yaxshi harbiy rahbarlardan biri bo‘lgan. Uning yurishlari va g‘alabalari zamonaviy harbiy taktika va artilleriyadan samarali foydalangani bilan ajralib turadi. U o‘z davri uchun yangi harbiy strategiya va taktikani ishlab chiqa olgan. Uning jang taktikasi borasidagi bilimlari, yangi urush texnologiyalaridan foydalanish, jang maydonidagi rejalashtirish qobiliyati — qo‘l ostidagi qo‘shinini har doim raqibdan bir bosh baland qilib kelgan.

U “Boburnoma” asarida o‘z hayoti, jumladan yurishlari haqida samimiy va batafsil bayon qiladi.

Benazir ijodkor

Ma’lumotlarga ko‘ra, Bobur hayotlik chog‘ida ikkita devon tuzgan. Ularning biriga Movarounnahr va Afg‘onistonda, ikkinchisiga esa, Hindistonda yozgan she’rlari kiritilgan. Bu haqda “Boburnoma”ning milodiy 1519 yildagi (hijriy 925 yil) voqealar bayonida to‘xtalib: “Hofiz Mir kotibning og‘a-inisi Samarqandin kelib erdi, bu fursatta Samarqandg‘a ruxsat berib, Po‘lod Sultong‘a devonimni yubordim”, deyiladi.

Bobur devoni Sharq mumtoz lirik janrlardagi asarlar majmuasidan iborat to‘plam. Hozirgi kungacha dunyo qo‘lyozma fondlari va kutubxonalarida Bobur devonining 9 ta qo‘lyozma nusxasi borligi aniqlangan.

Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosining eng muhim va eng yirigi bo‘lgan "Boburnoma" asari O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Hindiston va Eron xalqlari tarixi, georafiyasi, etnografiyasiga oid nodir va qimmatli ma’lumotlarni o‘z ichiga olgani barobarida, o‘sha davr o‘zbek klassik adabiyoti va adabiiy tilining yorqin namunasi hisoblanadi.

Ibratli o‘smir

Aslida Boburning mashaqqatli va murakkab hayot tarzi har doim avlodlar, yoshlar uchun ibrat maktabi. Zotan, Zahiriddin Vatandan bosh olib chiqib ketishga majbur bo‘lganida hali 19 yoshda bo‘lgan. Afg‘oniston, bugungi Pokiston, Bangladesh va Hindistonning kattagina qismini egallab katta davlat qurganida hali 25 yoshda bo‘lgani hayot haqidagi qarashlarimizni, orzu-maqsadlarimizni bir nazardan o‘tkazishni talab qiladi.

Mehribon ota

Manbalarda Bobur Mirzo benihoya mehribon ota bo‘lgani ta’kidlanadi. Gulrangbegim, Gelchehrabegim va Gulbadanbegim. Har bir qiziga gul bilan boshlanuvchi ism qo‘yganining o‘ziyoq farzandlariga munosabatining yaqqol ifodasi, deb o‘ylayman. Humoyun, Komron, Mirzo Askariy va Hindolni yeru-ko‘kka ishonmagani shubhasiz.

Shu o‘rinda bir jihat, qattiq kasal bo‘lgan Humoyun uchun o‘z jonini olishini so‘rab Yaratganga iltijo qilishi uchun, bilmadim, qanday insoniy fazilatga ega bo‘lish kerak? Shubhasiz, bunday takrorlanmas mehribonlik, ayni damda mardlik Boburning shaxsiyatini yanada yorqinroq aks ettiradi.

Suratdagi Boburligi rostmi?

Bugun bizga ko‘rsatilayotgan rasmlarda buyuk sarkarda bobomiz Javoharlal Neru aytmoqchi “Dilbar shaxs”, sifatida gavdalanadi. Ya’ni suratlarda u keng yag‘rinli, Sohibqiron bobosi singari mushakdor qilib tasvirlanmagan. Vaholanki, manbalarda Bobur har katta daryoni ko‘rganida yodiga ko‘ndalangiga kesib o‘tgan daryolari kelganligi ta’kidlangan. Boburnomada ham Hindistondagi katta daryolarga sho‘ng‘ib, qararama-qarshi sohildan chiqqanligi haqida tasvirlar bor. Hech qachon maqtanchoqlik qilmagan ajdodimizning bu gaplari real faktligi tayin.

Yana bir misol, Bobur hali 17-18 yoshidayoq ikki qo‘lida ikki yigitni ko‘tarolgan. Voqe shunday bo‘lgan: “Bobur ikki askarini qulochlab olib Samarqand devoridan yugurib o‘tib ketdi”.

Oilada u bolaligidan “Bobur”, “Boburjon” deb erkalab chaqirilgan, bu esa asta-sekin ism sifatida mustahkamlangan. Ya’ni, bu nomni biror shoir yoki ustoz maxsus “taxallus qilib qo‘ygan” emas — xalqona laqab sifatida paydo bo‘lib, keyin tarixiy nomga aylangan. Ilmiy manbalarda bu nom odatda forscha “babr yoki babur” so‘zidan kelib chiqqan, deb izohlanadi va “yo‘lbars” degan ma’noni anglatadi.

Neruning bahosi — “Dilbar shaxs” qayerda uchraydi?

Neru o‘zining mashhur tarixiy-falsafiy asari — “Hindistonni kashf etish” (“The Discovery of India”) kitobida Bobur haqida alohida to‘xtaladi.

Kitobida u Boburni: kuchli sarkarda, ziyrak kuzatuvchi, tabiat va go‘zallikni sevuvchi inson, samimiy va ochiq fe’lli hukmdor sifatida ta’riflaydi.

Neru Bobur shaxsiyatini tasvirlar ekan, uning xotiralarida ya’ni “Boburnoma”da namoyon bo‘ladigan insoniylik, sezgirlik va hayotga muhabbatni alohida ta’kidlaydi. Shu bois, u Boburni quruq istilochi emas, balki maftunkor (dilbar), madaniyatli shaxs sifatida ko‘rsatadi.

Tadqiqotchilar Neruning ushbu tavsifini ko‘pincha “jozibador shaxs”, “o‘ziga tortadigan fe’l-atvorga ega inson” — “charming personality” mazmunida talqin qiladilar.

Nima uchun Neru Boburni shunday baholagan?

Neruning fikricha, Boburni boshqalardan ajratib turadigan jihatlar: u o‘z davri hukmdorlariga xos bo‘lmagan darajada o‘zini ochiq yozgan. She’riyat, bog‘dorchilik, me’morchilik va tabiatni sevgan. Hindistonda keyinchalik buyuk sivilizatsiyaga aylangan Boburiylar davlatiga asos solgan.

Shu sabab Neru Boburni tarixiy shaxs sifatida ham, inson sifatida ham yuqori qadrlaydi.

O‘ylashimcha, Javoharlal Neruning “dilbar shaxs” tarifi Boburning ichki olamiga nisbatan aytilgan. Bunga e’tiroz bo‘lishi ham mumkin emas. Ammo Zahiriddin Muhammadning tashqi ko‘rinishi, jismoniy holati suratdagidan farqli bo‘lishi mumkin!?

Hafiza ASLANOVA

SamDChTI dotsenti,

Otabek UMIROV

SamDChTI talabasi.