Bobur Vatanga intilur
Vatan jondan yaralganmu,
Jon ila tanga intilur.
Dunyo Boburga intilur,
Bobur vatanga intilur.
Karvonlari ko‘p dunyo,
Qaroqchilar to‘p dunyo.
Kitob ortgan karvonning
Qo‘ng‘irog‘in o‘p dunyo.
Dema “Bobur zoru, muhtoj,
La’li - Yamanga intilur.
Dunyo Boburga intilur
Bobur vatanga intilur.
Bulbulga ne jafo ortiq,
Chamansizlik, chamansizlik.
Odamga o‘limdan ortiq,
Vatansizlik, vatansizlik.
Ildizi ona tuproqda,
To tirik anga intilur,
Dunyo Boburga intilur,
Bobur vatanga intilur.
Boshga oltin toj ortiqcha,
Ko‘zda yoshlar chashma-chashma.
Qayerdasan Amudaryo,
Bobur tashna, Bobur tashna.
Yuz oh ila oh faryodi,
Tunlar tobonga intilur.
Dunyo Boburga intilur,
Bobur vatanga intilur.
Uzuminingdan bir dona yeb,
Qovuningni bitta hidlab,
Bobur o‘tdi tuz oh diya,
Bobur o‘tdi yig‘lab-yig‘lab.
Bir joniga necha qasdlar,
Og‘ular anga intilur.
Dunyo Boburga intilur,
Bobur vatanga intilur.
Taxt ortida ajal poylar,
Tojni boshga tang‘ir ajal.
Har lahzada jonini ko‘zlab,
Sang‘ir ajal, sang‘ir ajal.
Dunyo Boburga intilib,
Jonin olmish, jonin olmish.
Andijonda beshik quchib,
Vatan qolmish, vatan qolmish.
Saroylar saodat yo‘q,
Ki g‘ofil anga intilur.
Dunyo Boburga intilur,
Bobur vatanga intilur.
O‘zga yurtning oltin tog‘i,
Vatan bo‘lmas, vatan bo‘lmas.
Shoh shoiri bo‘lmang hamki,
Sening bo‘lmas, sen tan bo‘lmas.
Vatan-iymon, vatan-vijdon,
Nomusu-shanga intilur.
Bu dunyodan o‘tsa hamki,
Bobur vatanga intilur.
Dunyo Boburga intilur,
Bobur vatanga intilur.
Zulfiya MO‘MINOVA.