Yigirma million so‘mdan ortiq maosh olaman
Kattaqo‘rg‘on shahar 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabida rus tilidan dars beraman. Ilk ish faoliyatimni 2015 yilda boshlaganman. Tushlikkacha maktabda dars beraman, tushlikdan keyin uch kun maktabda to‘garak mashg‘ulotlari o‘tsam, uch kun o‘quv markazda ishlayman. O‘quvchilarni fan olimpiadalari, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga tayyorlayman. Har yili o‘quvchilarim fan olimpiadalarida tuman va viloyatda qatnashib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritadi.
O‘z kasbimni va bolalarni yaxshi ko‘raman, ularni xafa qilib qo‘ymay deyman. To‘g‘ri, ayrim bolalar sho‘x bo‘ladi. Sho‘x bolaning ham tilini topsa bo‘ladi. Bolaga yaxshi munosabatda bo‘lsangiz, sizga ham yaxshi javob qaytaradi. Shuning uchunmi hali biron ota-ona maktabga ustimdan shikoyat qilib kelmagan.
O‘tgan yili vazir ustamasiga va 70 foizlik ustamaga ega bo‘ldim. Maktabdan 40 foizlik ustama berishdi. Bundan tashqari, xalqaro sertifikatim uchun ham 50 foizlik ustama qo‘shildi. Natijada o‘tgan o‘quv yilida 23 million so‘mdan maosh oldim.
“Yil o‘qituvchisi” tanlovida attestatsiya imtihonida yuqori ball to‘plagan uch nafar o‘qituvchi Kattaqo‘rg‘on shahri bo‘yicha tanlovga jalb qilindi. Birinchi bosqichda jami 92 ball to‘pladim. Ikkinchi bosqichda dars o‘tish mahoratimga birinchi o‘rinni berishdi. Uchinchi bosqichda badiiy adabiyotdan va siyosiy jarayonlardan test sinovlari bo‘lib o‘tdi. Test sinovlari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan respublika bo‘yicha bir vaqtning o‘zida olindi. Shuningdek, yil davomida darsdan tashqari qilingan ishlarimizning taqdimotini ko‘rsatib berdik.
Xullas, “Yil o‘qituvchisi” tanlovida g‘olib bo‘ldim.
Bugun tanlagan kasbimdan juda xursandman. Aslida bu kasbni menga dadam tanlab bergandilar. Men bank sohasida ishlashni istagandim. Ammo dadam: “Qizim sendan yaxshi o‘qituvchi chiqadi”, deb meni ishontirgandi. Erishayotgan yutuqlarimda ota-onamning hissasi katta. Baribir ota-ona farzandining nimaga qobiliyati borligini yaxshi bilarkan.
Gulbahor Ibragimova,
“Yil o‘qituvchisi” tanlovi g‘olibi.