Shoir ko‘p, ammo she’r kam...

“Hozir nima ko‘p, o‘z hisobidan kitob chiqarib, shoirlikka da’vo qiluvchilar ko‘p. Kitob chiqargani ham mayli, ammo bu kitoblarni ta’lim muassasalariga tarqatilayotgani ko‘pchilikda e’tiroz uyg‘otmoqda”.
Bu gaplar 1 - Oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni oldidan Samarqand viloyat pedagogik mahorat markazida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Yor Muhammad bilan professor o‘qituvchilar va tinglovchilarning ijodiy uchrashuvida aytildi.

“Ustozga ehtirom” deb nomlangan ushbu tadbir avvalida falsafa fanlari doktori, professor Komil Haydarov Samarqand adabiy muhiti, Yor Muhammad ijodining o‘ziga xos xususiyatlari, uning she’rlaridagi falsafiylik, badiiylik, betakror o‘xshatishlar, umuminsoniy g‘oyalar haqida batafsil to‘xtaldi.

– Yor Muhammad nafaqat iste’dodli shoir, balki, u o‘zbek va rus tillarida bemalol, erkin yoza oladigan mahoratli jurnalist, tarjimon va publitsist hamdir, - dedi K. Haydarov. – Men uning ijodini bir muxlis sifatida doim kuzatib boraman. Masalan, bugun “Hurriyat” yoki “Samarkandskiy vestnik” gazetasida publitsistik maqolasi e’lon qilinsa, ertaga boshqa bir nashrda turkum she’rlari, hajviyalari chop etiladi. Ana shunday mehnatlarning samarasi o‘laroq, hozirgacha respublikaning turli nashriyotlarida muallifning “Muhabbat bekati”, “Quyoshni sig‘dirgan yurt”, “Yurtim nafasi”, “Ko‘ngilga tashrif”, “Mangulikning 30 lahzasi”, “Mehr daraxti”, “Tomchidagi quyosh” kabi 10 dan ortiq kitoblari nashr qilinib muxlislar e’tiboriga tushdi. Muhimi shundaki, ijodkorning maqolalari ham salmoqli. Jumladan, “Hurriyat” gazetasida e’lon qilingan “Qassobga mol qayg‘usi”, “Adabiyot ketmon bozori emas”, “Zarafshon” gazetasida chop etilgan “Savodsizlikmi, yoki...”, “Mushtum” jurnalida bosilgan “Oyog‘i yerdan uzilganlar” kabi maqolalari dolzarbligi, muhim mavzularni ko‘targanligi bilan alohida ajralib turadi.
Shundan so‘ng Yor Muhammad  muallimlarni yaqinlashib kelayotgan kasb bayrami bilan tabrikladi hamda Markaz hovlisidagi buyuk ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy haykalining o‘rnatilish tarixiga to‘xtaldi.

- Shoir, jurnalist, pedagog, muallim bir-biriga o‘xshash kasblar. Mahmudxo‘ja Behbudiyga ham birinchi haykalni Samarqandda aynan jurnalistlar qo‘yishgan, - dedi u. - Jumladan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchi Nusrat Rahmat va marhum Mirsharif Xo‘jayev o‘zlarining shaxsiy mablag‘lari hisobidan buyurtma berib mana shu haykalni o‘rnatishgan, Hali Behbudiyning nomi qora ro‘yxatda turgan paytlarda bu juda katta jasorat edi.
Shuningdek, tadbirda  kitob va mutolaaning bugungi kun uchun ahamiyati, mamlakatimizda o‘qituvchilarga, kitobxonlikka berilayotgan katta e’tibor, e’lon qilinayotgan ayrim kitoblar va she’rlarning badiiy saviyasi, uning yoshlarga ta’siri  haqida ham so‘z bordi.

- Hozir nima ko‘p, o‘z hisobidan kitob chiqarib, shoirlikka da’vo qiluvchilar ko‘p, - deya davom etdi Yor Muhammad. - Kitob chiqargani ham mayli, ammo bu kitoblarni ta’lim muassasalariga tarqatilayotgani ko‘pchilikda e’tiroz uyg‘otmoqda. Chunki ularning saviyasi haqida ijobiy fikr aytish qiyin. Bu “majmua”larning aksariyati quruq nasihat, maqtov, pala-partish ifodalar, so‘zbozlikdan iborat “ash’or”lar. Bunday kitoblar o‘quvchining saviyasini ko‘tarish o‘rniga, aksincha, uni tushirib yuboradi. Natijada jamiyatda chalamullalar soni yana ko‘payadi. Nazarimda, bu borada o‘qituvchilarning o‘rni juda katta. Negaki, qishloq joylarida asosiy kitobxonlar aynan o‘shalar. Shuning uchun men bugun siz aziz ustozlarga murojaat qilib, bunday holatlarga qarshi turishga chaqirmoqchiman. Kitobni tanlab, saralab o‘qish kerak. Bolalarga ham shuni o‘rgatish kerak. Chunki hozir shoir ko‘p, ammo she’r kam. Eng yomoni bu kabi “she’r”lar ayrim qo‘shiqchilar tomonidan kuyga solinib ijro etilayotganidir.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar shoir tomonidan bildirilgan takliflar o‘rinli ekanligini ta’kidladilar.

- Yor Muhammad aka juda to‘g‘ri aytdilar, darhaqiqat, ayrim kitoblarning saviyasi judayam past, hatto o‘qishga ham arzimaydi, - dedi metodist-o‘qituvchi Vali Niyozov. – Shuning uchun mana bunday tadbirlarni ko‘paytirish, yaxshi asarlarni targ‘ib qilish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Uchrashuv mobaynida Yor Muhammad yig‘ilganlarning savollariga atroflicha javob qaytardi hamda Vatan, Mustaqillik, ustoz, ona, muhabbat, tinchlik haqidagi yangi she’rlaridan namunalar o‘qidi.
– Uchrashuvdan bir olam taassurot oldim, - deydi Rohila Olimova. – Shoirning she’rlarini oldin ham o‘qigan edim. Bugun u kishining o‘zidan eshitganlarim esa yanada ajoyib ekan.
Tadbir yakunida shoir uchrashuvda faol ishtirok etganlarga o‘zining kitoblaridan sovg‘a qildi.

Muhayyo Yoqubjonova,
markazning ma’naviy-ma’rifiy
ishlar bo‘yicha mas’uli