«Ichki turizm yarmarkasi»: Samarqanddagi sayyohlik firmalari imkoniyatlarini namoyish etdi

Samarqand shahridagi Registon majmuasida «Ichki turizm yarmarkasi» tashkil etildi.

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida o‘tkazilgan yarmarkada sayyohlik firmalari, turizm sohasida faoliyat yurituvchi turoperatorlar, turagentlar, joylashtirish vositalari (mehmonxona, hostel, mehmon uyi) vakillari ichki turizm bo‘yicha imkoniyatlarini namoyish etdi.

– Yiliga 60 ming nafar mahalliy va xorijlik sayohatchilarni yurtimizning go‘zal manzara va maskanlari bilan tanishtiramiz, – deydi “BO‘STON TRAVEL” turistik kompaniyasi sotuv bo‘limi ish boshqaruvchisi Shahlo Umarova. – Kompaniyamiz sayyohlik, transport turizmi, mehmonxona, xorij mamlakatlariga sayyohatlar tashkil etish yo‘nalishlarida faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, xorijda yurtimizning sayyohlik salohiyatini namoyish qilib, Qozog‘iston, Turkiya, Saudiya Arabistoni davlatlari bilan sayyohlarni yurtimizga jalb qilish bo‘yicha hamkorlik qilishga erishdik. Bugungi yarmarkada ham yirik sayyohlik firmalar bilan yangi yo‘nalishlarni tashkil etish borasida kelishib oldik.

Yarmarka doirasida samarqandlik hunarmandlar tomonidan tayyorlangan milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi, milliy liboslar taqdimoti namoyish etildi.