Turkiya safari: Erdog‘an va Mirziyoyev tug‘ilgan hududlarning o‘xshash jihati nimada?

O‘tgan galgi maqolalarimizda Turkiyaning Trabzon hududi bo‘yicha sayohatlarimiz taassurotlarini bayon etgan edik. Sayohat manzili bo‘lgan keyingi shahar – Rizega o‘tishdan avval Trabzonda yuz bergan ayrim voqealarni aytib o‘tish joiz. Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tur-sayohat davomida Trabzonning madaniyat va turizm boshqarmasi rahbari bilan o‘zbekistonlik va qirg‘izistonlik jurnalistlar uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi.

- Trabzonda 245 ta mehmonxona bo‘lib, bir yilda 800 mingga yaqin sayyoh tashrif buyurmoqda, - deydi Trabzon viloyati madaniyat va turizm boshqarmasi rahbari Tamer Erdo‘g‘an. -  Bu yerga arab davlatlaridan keluvchi sayyohlar katta qismni tashkil etadi. Xususan, Saudiya Arabistoni, Quvayt, BAA kabi mamlakatlardan keluvchilar juda ko‘p. Umid qilamizki, O‘zbekiston va Qirg‘izistondan ham bu yerga keluvchilar soni kelgusida ko‘payadi. Ushbu davlatlar bilan mamlakatimiz do‘stligi bizni xursand etadi.

Nafaqadagi ayollar hunar o‘rganishadi

Odatda biz kasb-hunarga o‘rgatish haqida gap ketganda asosan yoshlarni nazarda tutamiz. Ammo Trabzondagi "Alajahon" hunarmandlar markaziga borganimizda bu yerda ko‘proq yoshi katta onaxonlarni uchratdik. Markazda o‘nlab hunarmandchilik turlari bo‘yicha ayollar mashg‘ulot o‘tishadi.

- Markazda xattotlik, savat to‘qish, kashtachilik, zargarlik, turli ko‘rinishdagi suratlar yasash kabi o‘nlab hunarlar bepul o‘rgatiladi, - deydi mazkur markaz menejeri Fatma Adjije. - Ayniqsa, zargarlik to‘garagi juda mashhur. Negaki, Trabzon azaldan kumush qazilma boyligiga ega ekani va undan taqinchoq yasashi bilan mashhur. Qo‘l mehnati bilan yasaladigan taqinchoqlar yasashni ayollar kamida uch oy davomida o‘rganib olishadi. Markazimiz 2010 yilda tashkil etilgan. Ilgari yosh qizlar orasida hunar o‘rganmoqchi bo‘lganlar ko‘p edi. Ammo hozir pensiya yoshidagi ayollar ko‘proq hunar o‘rganishga qiziqish bildirmoqda.

Gumushane, ya’ni kumushga boy deb nomlanuvchi hudud ham aynan Trabzonda. Bu yerda go‘yo ingichka iplar bilan ishlaganday, kumush va tilla tolalaridan turli taqinchoqlar yasaladi. Darvoqe, bunday kumush boshqa joyda uchramas ekan.

Turkiyaga ikki prezident va bir bosh vazirni tarbiyalab bergan hudud

Turkiya shimolidagi yana bir shahar - Rize amaldagi prezident, Erdog‘an tug‘ilib o‘sgan joy sifatida tanilgan bo‘lishiga qaramay, ushbu shaharni mashhur qiladigan tomonlari juda ko‘p. Rize birinchi navbatda choy shahri sifatida mashhur.

Bu shaharda 15 ta yirik choy fabrikasi bor.

1917 yilda Rizeda choy yaxshi o‘sishi aniqlangan bo‘lib, ushbu o‘simlik bu yerga Batumidan kirib kelingan. 1937 yildan boshlab Turkiya shimolida muhim iqtisodiy o‘simlik hisoblab kelinmoqda.

Turkiyada birinchi choy fabrikasi 1947 yilda tashkil etilgan. Garchi choy yetishtirish va ishlab chiqarish sohasi yangi bo‘lsa-da, mamlakat dunyo bo‘yicha bu masalada 5-o‘rinda turadi. Choy iste’moli bo‘yicha esa birinchi o‘rinda. Bu yerda bir yilga kishi boshiga 4 kilogramdan choy iste’moli to‘g‘ri keladi.

Darvoqe, mutaxassislarning aytishlariga qaraganda, bir yilda uch marta - may, avgust, sentyabr oylarida choy hosili yig‘ib olinadi.

Tarixiy joylar sifatida XVI asrga oid Islom Posho masjidi va Genuya qal’asi xarobalarini e’tirof etish mumkin. Lekin Rizening asosiy boyligi shahar tashqarisida. Bular - qarag‘ayzorlar, yam-yashil o‘tlar bilan qoplangan tog‘lar, atrofdagi tog‘larning ajoyib manzarasini taqdim etadigan Kavkaz tipidagi ikki qavatli saklyalar, tog‘ daryolari ustidagi tepalikli tosh ko‘priklar va daralar bo‘ylab qurilgan yog‘och ko‘priklar.

O‘rmonli tog‘lar bilan o‘ralgan vodiyning o‘rtasida joylashgan Uzupg‘ol ko‘li sizni tasvirlab bo‘lmaydigan go‘zallik darasiga olib boradi. Bu yerda ikki prezident tug‘ilgan: Rejep Erdog‘an, shuningdek, mamlakatning sobiq prezidenti, 1966-1973 yillarda mamlakatni boshqargan Jevdet Sunay. To‘g‘risi, bu ma’lumotni eshitar ekanman, darhol mamlakatimiz rahbari, Shavkat Mirziyoyevning tug‘ilib o‘sgan manzili xayolimda jonlandi. (Chetda bo‘lsangiz, beixtiyor har bir manzara va voqeani o‘zimizning yurt bilan taqqoslayverar ekansiz). Jizzaxning Zomin tumani ham xuddi shunday go‘zal va purviqor tog‘lari, yam-yashil archalari-yu, sof havosi bilan mashhurligini ta’kidlab o‘tdim, hamrohlarimga. Ehtimol, tog‘ kishilariga xos sabot, iroda, qat’iyat insonda liderlik xususiyatlarini yanada yaxshiroq yuzaga chiqarar.

Zilqal’a – tog‘ ustidagi noyob inshoot

Shuningdek, bu yerda turklardan tashqari, hali ham laz millatiga mansub aholi yashaydi. Ular asosan XV asrda islomni qabul qilgan gruzinlar bo‘lib, ajarlarga yaqin.

Lazlar afsonaviy Kolxida aholisining haqiqiy avlodlari ekanliklari bilan faxrlanadilar, lekin ular asosan turk tilida gaplashadi. Ammo ularning talaffuzi turklar uchun qiyin.

Turkiyaning shimoli-sharqidagi Rize viloyatining Chamlihemshin tumanidagi tarixiy Zilkale qal’asi mahalliy va xorijlik sayyohlarni o‘ziga tortmoqda. Ushbu qal’ani tomosha qilarkansiz, naq o‘rta asrlarga tushib qolgandek his etasiz o‘zingizni. Qal’a Chat vodiysida, Rize shahridan 15 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, qal’a XIV-XV asrlarda karvon yo‘llarini qo‘riqlash maqsadida qurilgan. Dengiz sathidan 750 metr balandlikda joylashgan.

Darvoqe, bu yerda o‘ziga tog‘ orasidan oqib o‘tuvchi katta soylikda raftingda uchish imkoni bor. Hatto dekabrning o‘rtalarida ham bu xizmatdan foydalanish mumkin edi va biz bundan olam-olam taassurot oldik. Qishning o‘rtasida ham tog‘larning yam-yashilligi, mandarinlarning pishib, yerga to‘kilib yotishi, yam-yashil tog‘lar orasidagi ulkan sharsharalaru, qadim qal’alar bu yerga yana kelish istagini tug‘diradi kishida.

Gulruh MO‘MINOVA.