Erdo‘g‘on: Putin va Zelenskiy «hozircha ikki tomonlama uchrashuvga tayyor emas»

Turkiya prezidenti Rejep Tayyib Erdo‘g‘on Xitoyga qilgan tashrifi davomida jurnalistlarga Rossiya prezidenti bilan Ukrainadagi urushni tugatish yo‘llarini muhokama qilganini bildirdi.

Erdo‘g‘on, shuningdek, Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatlashganini, ammo taraflar «hozircha ikki tomonlama muzokaralarga tayyor emasligi»ni aytdi.
Turkiya prezidentining ta’kidlashicha, Anqara «muzokaralar darajasini bosqichma-bosqich oshirish» tarafdori.
19 avgustda Vashingtonda Yevropa yetakchilari ishtirokida o‘tgan muzokaralardan so‘ng AQSh prezidenti Donald Tramp keyingi qadam Ukraina va Rossiya prezidentlarining uchrashuvi bo‘lishi kerakligini bildirdi.
Zelenskiy Putin bilan istalgan vaqtda uchrashishga tayyor ekanini ta’kidlab kelmoqda. Ammo Rossiya bir necha bor bunday muzokaralar uchun avval o‘t ochishni to‘xtatish shartlari va tinchlik yo‘llarini kelishib olish zarurligini bildirgan.
Moskva hech qanday imtiyozlar berishga yoki asosiy talablaridan voz kechishga tayyor emasligi bayonotlaridan ma’lum, bu esa Ukraina uchun qabul qilib bo‘lmaydigan shart bo‘lib qolmoqda.