Bahrayn-2025, II Yoshlar Osiyo o‘yinlari: O‘zbekiston o‘z ishtirokini 81 ta medal bilan 2-o‘rinda yakunladi
 
                                                                        Bugun Bahrayn poytaxti Manama shahri mezbonlik qilayotgan yoshlar o‘rtasidagi III Osiyo o‘yinlari yakuniga yetadi.
O‘zbekiston sport delegatsiyasi kecha kompleks musobaqadagi ishtirokini yakunladi. Xususan, III Yoshlar Osiyo o‘yinlari doirasidagi dzyudo musobaqalarida O‘zbekiston vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Musobaqada Nurobod tumanining farzandi, iqtidorli sportchi Jo‘rabek Eshpo‘latov -90 kg vazn toifasida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, III Yoshlar Osiyo o‘yinlari chempioni unvoniga sazovor bo‘ldi.
Umuman, olganda, delegatsiyamiz III Yoshlar Osiyo o‘yinlarida tarixiy natija qayd etdi. Bundan avvalgi musobaqalarda umumiy medallarimiz 10 taga ham yetmagandi.
Manama sport arenalarida oz emas, ko‘p emas, umumiy hisobda 81 ta medal qo‘lga kiritildi. Sportchilarimiz 37 ta oltin, 16 ta kumush, 28 ta bronza medaliga ega chiqishdi. Bu borada umumjamoa hisobida mustahkam 2-o‘rinni egalladik.
Uchinchi pog‘onadagi Qozog‘iston terma jamoasi 24 ta oltin, 29 ta kumush, 40 ta bronza, jami 93 ta medalni rasmiylashtirdi. Medallar soni bo‘yicha qo‘shnilarimiz bizdan ustunlik qilishdi. Biz esa medallar sifati bo‘yicha g‘olib bo‘ldik.
Kutilganidek, Xitoy sport delegatsiyasi katta farq bilan birinchi o‘rinni egalladi. Chin yurti sportchilari 63 ta oltin, 49 ta kumush, 35 ta bronza, jami 147 ta medal bilan taqdirlanishdi. Kuchli 10talikdan Eron, Tailand, Hindiston, Gonkong, BAA, KXDR va Xitoy Taypeyi terma jamoalari joy oldi.
Jami 29 davlat terma jamoalari musobaqaning kamida 1 ta oltin, 36 tasi bronza medalini qo‘lga kiritdi. Qo‘shnilarimiz Tojikiston (2 ta oltin, 3 ta kumush, 15 ta bronza) 18, Qirg‘iz Respublikasi (1 ta oltin, 9 ta kumush, 11 ta bronza) 21, Afg‘oniston (1 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta brona) 24, Turkmaniston esa (1 ta oltin, 1 ta kumush, 4 bronza) 27-o‘rinni band etdi.
Bugun Yoshlar Osiyo o‘yinlarining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tadi va unda navbatdagi mezbon Kambojaga musobaqaning ramziy bayrog‘i topshiriladi.
 
                 
                                     
                                     
                                     
                                     
                                    