Osiyo o‘yinlari: Samarqandlik sportchilar 9 ta medalni qo‘lga kiritdi
Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilayotgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida 45 mamlakatdan sport jamoalari bellashmoqda. Musobaqalarda 32 ta olimpiya va 6 ta noolimpiya sport turi bo‘yicha O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida 390 nafar sportchi ishtirok etmoqda.
Bahslar natijasiga ko‘ra, 3 oktyabr holatiga O‘zbekiston sport delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 47 ta (13 ta oltin, 14 ta kumush va 20 ta bronza)ni tashkil etib, umumjamoa hisobida 5-o‘rinni egallab turibdi. Xususan, medallar jamg‘arish bo‘yicha 1-o‘rinda Xitoy, 2-o‘rinda Yaponiya, 3-o‘rinda Janubiy Koreya, 4-o‘rinda Hindiston bormoqda.
Ushbu xalqaro sport musobaqasida 18 sport turi bo‘yicha viloyatimizdan 48 nafar sportchi ishtirok etmoqda va shu kunga qadar o‘tkazilgan bahslarda sportchilar 9 ta medal (2 ta oltin, 5 ta kumush, 2 ta bronza)ni qo‘lga kiritdi.
Ular orasida quyidagi sportchilar bor:
Oltin medal
- dzyudo - Diyora Keldiyorova;
- akademik eshkak eshish (M4 dasturi) - Shehroz Hakimov, Davrojon Davronov, Dilshodjon Xudoyberdiyev.
Kumush medal
- akademik eshkak eshish (M2 dasturi) - Shehroz Hakimov va Dilshodjon Xudoyberdiyev;
- akademik eshkak eshish (LW2x juftlik dasturi) Malika Tagmatova;
- akademik eshkak eshish (M4x dasturi) - Shahzod Nurmatov, Sobirjon Safaraliyev;
- dzyudo - Davlat Bobonov;
- dzyudo (jamoaviy dastur) - Davlat Bobonov va Diyora Keldiyorova.
Bronza medal
- akademik eshkak eshish (LW2x juftlik dasturi) - Shahzod Nurmatov va Sobirjon Safaraliyev.
Bugungi dasturda boks bo‘yicha ayollar o‘rtasida 54 kilogramm vazn toifasida ishtixonlik Nigina O‘ktamova bronza medaliga sazovor bo‘ldi. 20 yoshli sportchimiz yarim finalda KXDR vakili Pang Chol Miga qarshi ringga ko‘tarildi va 0:5 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Shu tariqa, Nigina Xanchjou musobaqasini bronza medali va Parij-2024 olimpiadasi yo‘llanmasi bilan yakunladi.