Osiyo o‘yinlarida 43 nafar samarqandlik sportchi ishtirok etadi
O‘tgan yil sentyabr-oktyabr oylarida Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan yozgi Osiyo o‘yinlari noma’lum muddatga qoldirilgan edi. Ushbu sport o‘yinlari joriy yilning 23 sentyabr – 8 oktyabr kunlari o‘tkazilishi belgilangan.
Musobaqalarga O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida 423 nafar sportchi 39 sport turidan ishtirok etishi kutilmoqda.
Viloyat yoshlar siyosati va sport boshqarmasi vakili Ahror Shamsiyevga ko‘ra, sportchilarning har tomonlama tayyorligi va muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash maqsadida hududiy dastur ishlab chiqilgan. Asosiy va yordamchi sport bazalari sifatida 30 dan ortiq sport inshooti ajratilgan. Shuningdek, saralash musobaqalari tashkil etilib, iqtidorli sportchilar tanlab olingan.
Ayni paytda musobaqalarga nomzod sifatida saralab olingan 43 nafar sportchi 17 sport turidan Toshkentdagi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda. Bu respublika bo‘yicha terma jamoa safida Osiyo o‘yinlariga ishtirok etayotgan sportchilarning umumiy 10,2 foizini tashkil etadi.
Prezident qaroriga ko‘ra, mazkur sport o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchilarga 10 ming va trenerlariga 5 ming, kumush medalga sazovor bo‘lgan sportchilarga 5 ming va trenerlariga 2500, bronza medali uchun sportchilarga 2500 va trenerlariga 1250 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi.