Mutolaa: Mehr og‘ushi (Hikoya)
 
                                                                        Dam olishga kelgan kunimizoq qo‘shni xonadagi kamsuqumgina kishi e’tiborimni tortdi. Ochiq chehrasi husnu xulqini to‘ldirib turishi, odmigina kiyimlari yarashig‘i havasimni keltirdi. Uchrashib qolganlarimizda salomlashib tursak-da, suhbatlashish mavridi kelmasdi.
Bir haftacha vaqt o‘tdi shekilli, xonamiz eshigini kimdir mayingina chertgan bo‘ldi. Ochsam, o‘sha kishi. Ichkariga taklif etsam, unamadi: “Dam olish kunida xotirjamroq bo‘lsangiz kerak, deb o‘ylagandim. Rozi bo‘lsangiz, sanatoriy hovlisida biroz aylanib, suhbatlashsak”, dedi. Taklifidan xursand bo‘ldim.
Kechadan oldingi juma kuni Chimyon qishlog‘idagi Hazrat Huvaydo (Xo‘janazar G‘oyibnazar o‘g‘li)ning ziyoratgohida bo‘lganimizda u ham bor edi. Kiraverishdan o‘ng qo‘ldagi uzun o‘rindiqqa o‘tirib, go‘yo o‘zidan boshqa odam yo‘qdek qiyofada nimalarnidir pichirlab o‘tirgan ekan. Bir-birimizga yelka qisib tarqalganimizda ham u o‘rnidan jilmadi. Shular esimga tushib, og‘zini poyladim.
Bu holni hamrohim sezdi shekilli, chuqur nafas olib, “Huvaydoning “O‘lmasa” radifli g‘azalining so‘nggi bayti” deya sokingina yod o‘qidi:
Avval o‘zung qil amal, so‘ngra nasihat elga de,
Ey Huvaydo, so‘zlama sanda amal bor o‘lmasa.
So‘ng yanada mayin ohangda, dona-dona qilib so‘zga kirishdi:
- Kechagi holatimga hayron bo‘lganingizni sezib turgandim. Boshqalar ham yer ostidan zehn solib turishdi. Payqasam-da, bilmaslikka olib turaverdim. Chunki ko‘nglimdan o‘tayotganlarni tilimga ko‘chirganim bilan hech kimga hech narsani tushuntira olmas edim.
Bu ziyoratgoh men uchun tabarruk. Yo‘rgakdalik holimda dadam shu manzilga olib kelgan ekan. Shundan bir kam sakson yoshlarigacha har oyda kelib turganmiz. Qishlog‘imiz Oltiariqda bo‘lsa-da, ziyoratlarini uzmaganmiz. Dunyodan o‘tganlaridan keyin vasiyatlariga ko‘ra, deyarli har oyda kelib turaman.
Dadam Hazrat Huvaydoga chinakam shaydo edi. Aksar g‘azalini yod bilar, yodlamaslikni uvol derdi. Hozir aytgan baytimni oliy hikmat der va soatlab sharhlardi. Adabiyotchimisan, adabiyotchi edi. Qiblagohimdan bir uy kitob meros qolgan. Havasda men ham adabiyotchilikka o‘qigan bo‘ldim. Lekin otamdek bo‘lolmadim.
Qo‘ynilarida katta bo‘lganman. Oilada birgina farzandlari bo‘lganim uchun yeru ko‘kka ishonmas, hatto onamdan qizg‘anardi. Hozir ham chuqur nafas olsam, dimog‘imga bo‘ylari keladi.
O‘tganlaridan keyin talmovsirab qoldim. Onam bilan tengqur edilar. Toshkentdagi Nizomiyda o‘qib, topishishgan. Ikkalasi ham yetimlikda, birlari amakisi, birlari xolasi qo‘lida katta bo‘lgan. Bilmadim, shu sababdanmi yoki yana boshqa sabab ham bormi, bir-birlarini o‘ta hurmatlab, izzatlashardi. Go‘yo bir tanu bir jondek edi.
Onam nafaqaga chiqar-chiqmas og‘ir xastalandi. Qancha yugurmaylik, foydasi bo‘lmadi. Ellik to‘rt yoshida o‘tib qoldi. Uyimiz huvillab, dadam qattiq kuyindilar...
U biroz tin oldi-da, o‘ng qo‘lida g‘ijimlab turgan dastro‘moli bilan yuz-ko‘zini silab, davom etdi:
- Yoshim ulg‘ayib, soqolimga oq tushgan bo‘lsa-da, dadamni o‘ylasam, yosh bolaga o‘xshab qolaman, - deya ovozi titradi.
Zehn solsam, ko‘zlari yoshlangan ekan. Ajablanmadim va savol ham qilmadim. Jim ketaverdik va aylana o‘rindiqqacha bordik.
U o‘tirishni taklif qildi. O‘tirgach, savol qildi:
- Sizni zeriktirib qo‘ymadimmi?
- Yo‘q, deb bosh chayqadim. Rostdan ham suhbatga maylim oshib, voqealar rivojiga qiziqib qolgan edim. Va, dedim:
- Davom etsangiz...
- Sizga yuragimni ochgim keldi. Ayolingizga muomalangizda dadamga xoslik bor ekan, ko‘zimga issiq ko‘rindingiz va shular tufayli bo‘lsa kerak, dillashmoqqa jazm qildim.
Keksayganing sari dunyo ishlari sirlanib borarkan. Bir sabab yoki besabab ham uzoq-yaqin xotiralar esda jonlanaveradi. Ayniqsa, dadam ko‘p esimga tushadi. Bir tutam soqolini o‘ng qo‘li bilan silab, tikilib turgan qiyofada ko‘raman. Goho kulimsiraydi, goho jiddiylashadi. Jo‘ralarimning aytishicha, turish-turmushim otamga o‘xshab borayotgan emish. Gaplarida jon bo‘lsa kerak, ayolim ham shunday deydi. Ayniqsa, o‘tirdim deganimcha tizzalarimni uqalashim, dastro‘molcham bilan ko‘zu labimni hojat-behojat artib turishim, shukronani ko‘p aytishim, xususan, Huvaydoga ixlosim juda xosmish.
Ularni ataylab qilmayman, aslida qilayotganimni sezmayman ham. Bu beixtiyorlik sababi nimadan ekanligini ham bilmayman. Bilganim, aytganimday, dadam menga qarab, tikilib turgandek bo‘ladi.
Onam hayotligida hech kimdan, hech narsadan zorlanganlarini eslay olmayman. Vafotlaridan keyin juda o‘zgarib qoldi. Shunday kun yo‘q ediki, o‘tgan qarindoshlarini, tengqur do‘stlarini eslamasa. Birovlarini eslaganlarida bosh chayqar, birovi nomini ayta-ayta qo‘llarini siltar, birlarining nomini ayta-ayta yig‘lardi...
Navbat onamga kelsa, yelkalari silkinib, mayingina xasta ovozda: “Shoshdingiz-da onasi, shoshdingiz”, deya bosh chayqardi. Go‘yo nafas olmayotgandek, ko‘zlari devordagi suratiga qadalib qolardi. Onamning Hindistonda davolanib kelgandan keyin tushgan surati edi...
Vafotlari kunidan bir kuncha oldin edi. Suratga tikilib so‘radilar:
- Onangning surati xira tortibdi, artib qo‘ysanglar bo‘lmasmidi?
Suratlari ramkada edi. Usti tiniq shisha bilan qoplangan, chang o‘tmas edi. Sezib yurardim, keyingi besh-olti kunda ko‘zlari xiralashgandek edi. Javob qildim:
- Dadajon, artib qo‘yamiz.
So‘zimga e’tibor qilmadilar. Nimalarnidir pichirlab, qo‘llarini yuzlariga tortdilar va titroq tovushda Huvaydodan o‘qidilar:
Sabo yetkur salomimni qaddi sarvi ravonimg‘a,
Qaro ko‘zluk, qaro kokul o‘shal shirin zabonimg‘a.
Yotibdir bir g‘aribi zor o‘lib og‘ishtai tufroq,
Bu holimni borib aytg‘il mani oromijonimg‘a.
Mani boshim ani yo‘li arog‘a har balo kelsa,
Boqarman, ey birodarlar, qachon sudu ziyonimg‘a.
Falak charxi uzildi-yu, yiroq soldi mani andin,
Qachon qo‘shg‘ay xudovandim aningdek mehribonimg‘a.
Ani dardu firoqi o‘lgucha mandin judo bo‘lmas,
Taralmish jismima jondek tamomi ustixonimg‘a.
Huvaydoni firoqiga oni hech kelmadi rahmi,
Qaro toshlar su bo‘ldi rahm etib ohu fig‘onimg‘a.
Tovushlarida xastalik sezilsa-da, shoshilmasdan tiniq va ravon o‘qidi. Savt bilan o‘qidi. Cho‘chidim ham, go‘yo xayrlashayotgandek o‘qidi. Tishimni tishimga qo‘yib, zo‘rg‘a chidadim.
Bir pas o‘tib, ostonada ayolim paydo bo‘lib, ovqati tayyorligiga ishora qildi va o‘zimga kelib, gap qotdim:
- Dadajon, bir piyola choy iching, issiqqina, degan so‘zimni yo eshitmadi yoki javob bergisi kelmadi. Lablari betinim pichirlardi. Duo bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Qo‘llarini yuziga surtgach, o‘yimga amin bo‘ldim.
So‘ngra ohistagina qayrilib, yostig‘ining o‘ng tomoniga taxlabgina qo‘ygani - onamning sidirg‘a gulli ro‘moliga tikilib turdilar-da, qo‘llari bilan avaylabgina silab qo‘ydi. Bir muddat ko‘zlarini chippa yumib, qotib turdi.
Savolga yoki so‘zga hojat yo‘q edi. Nima deyishni ham bilmay, ovqatga undamoq bo‘ldim. Xotinim ataylab yumshoqqina shavla pishirganini aytdim. Rosti ham shu edi, onam pishirgan shavlani yaxshi ko‘rar edilar.
Bir bahya jim bo‘lib, kutib turgan savolimni berdilar:
- Onang pishirgan shavlani ta’mi bordaymi?
- Keliningiz pishirgan, onam o‘rgatganidek pishirgan, - dedim.
Men tomon evrilib, go‘yo tanimagandek, uzoq termulib turdi-da:
- Yo‘q, onang pishirgan. Hidini qara hidini, baraka topkurning o‘zi pishirgan. So‘ngra uzun, chuqur uf tortdi-da, xonani ko‘zi bilan aylanib chiqdi va dedi:
- Onang kelganga o‘xshaydi. Sharpasini sezdim, sen ham ilg‘adingmi?..
Bo‘g‘zimga yig‘i tiqilib, portlab ketay dedim. Sezdirmasam-da, qaltirab qoldim...
Ertasi kuni joyiga qo‘ydik. Shundan buyon javdirab yashayman. Sog‘insam, Hazrati Huvaydo ziyoratiga kelaman. Shu yerda kutib turgan bo‘ladilar...
Suyundik Mustafo NUROTOIY.
 
                 
                                     
                                     
                                     
                                     
                                    