Bir asrlik shonli tarixiga ega Yangi O‘zbekiston kampusi

Samarqand davlat tibbiyot universiteti – Markaziy Osiyoda eng ko‘hna tibbiyot oliygohlaridan biri hisoblanadi. Oliy ta’lim muassasasi 95 yil muqaddam tashkil etilgan bo‘lib, o‘zining shonli tarixi davomida qanchadan-qancha yetakchi olim, professor, akademiklarni yetishtirib chiqardi.

Tibbiyot oliygohi tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Xalq Komissarlari Sovetining 1930 yil 7 maydagi 80-sonli qarori bilan Samarqand shahrida O‘zbekiston davlat tibbiyot instituti (O‘zDTI) tashkil etilgan. Bu davrda Markaziy Osiyoda tibbiyot oliy ta’lim muassasasi yo‘q edi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin Samarqand davlat tibbiyot oliygohi alohida rivojlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 1 aprelda “Samarqand davlat tibbiyot universitetini tashkil etish va kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan yurtimizda faoliyat olib borayotgan 11 ta tibbiyot oliygohlari orasidan Samarqand davlat tibbiyot institutiga birinchilardan bo‘lib universitet maqomi berildi.

Universitet buning uchun zarur bo‘lgan barcha narsaga ega. Jumladan, kuchli ilmiy-pedagogik potensial, boy moddiy-texnik baza va malakali tibbiyot xodimlarini tayyorlashning ko‘nikma va tajribalari mavjud.

Bugungi kunda Samarqand davlat tibbiyot universiteti tarkibida ko‘p tarmoqli klinika, ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasi, Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot instituti, L.M.Isayev nomidagi Mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti va uning klinikasi, Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi, Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy markazi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Keyingi yillarda universitetning yangi o‘quv kampusi, “Simulyasion markazi”, L.M.Isayev nomidagi Mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-tadqiqot institutining yangi binosi, xirurgiya markazi yangi binosi barpo etildi va so‘nggi rusumdagi qurilmalar bilan zamon talablariga mos ravishda jihozlandi.

Universitetning xalqaro maydondagi nufuzi va faolligini oshirish maqsadida bugungi kunda 200 ga yaqin xorijiy oliy o‘quv yurtlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik bitimlari tuzilgan. Hamkorlik bitimlari asosida universitetda qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etilib, pediatriya, stomatologiya, davolash ishi (bakalavriat) va boshqa ta’lim yo‘nalishlari tashkil etildi.

Ta’lim muassasasida “Biologiya va tibbiyot muammolari”, “Doktor byulleteni”, “Biotibbiyot va amaliyot” kabi sakkizta ilmiy-amaliy jurnal hamda jamoaviy monografiyalar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Zamon talablariga javob beradigan texnik vositalar bilan jihozlangan Axborot-resurs markazida kitoblar fondi 334 055 tani tashkil qilayotgan bo‘lsa, elektron kutubxona bazasida 69 299 ga yaqin adabiyotlar mavjud. Elektron kutubxonada SCOPUS, EBSCO, SPRINGER, MEDLINE, GEOTAR-Media kabi xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazasidan foydalanilib kelinmoqda.

Bugungi kunda universitetda 700 dan ortiq professor-o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 78 nafari DSc, 368 nafari PhD ilmiy darajalariga, 39 nafari professor, 150 nafari dotsent ilmiy unvonlariga ega. Buning natijasida bugun universitetning ilmiy salohiyati 62 foizdan oshdi.

Birgina joriy yilda 120 nafar professor-o‘qituvchi ilmiy dissertatsiya ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilib, universitet tarixidagi rekordni yangiladi. Bundan tashqari, 85 nafar doktorant va 423 nafar mustaqil izlanuvchi ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda.

Joriy o‘quv yilida universitetda 48 ta magistratura mutaxassisliklari, 53 ta klinik ordinatura ixtisosliklari, 17 ta milliy va qo‘shma ta’lim dasturlari hamda 8 ta fakultetdagi 16 mingga yaqin talabaga professor-o‘qituvchilar ta’lim berib kelmoqda. Shuningdek, universitetda 16 ta davlatdan 4500 ga yaqin xorijlik talaba-yoshlar tahsil olmoqda.

Xalqaro nufuzli reytinglarda ham universitet yaxshi natijalarni ko‘rsatayapti. Masalan, Times Higher Education reytingida mamlakatimizning 30 ta oliy ta’lim muassasasi ichida Samarqand davlat tibbiyot universiteti 10-o‘rindan joy egalladi. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, universitet xalqaro reytinglardan biri bo‘lmish YuniRang tizimida O‘zbekiston bo‘yicha birinchi o‘rinni qayt etmoqda.

Universitet bugunga qadar sifatli va yuqori texnologiyali innovatsion ta’lim dasturlari orqali ko‘plab talabalarni o‘ziga jalb qilish barobarida bir qator xalqaro miqyosdagi yutuqlarga ham erishib kelmoqda. Jumladan, “ECAQA” (Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida akkreditatsiya va sifatni ta’minlash bo‘yicha Yevroosiyo markazi) mustaqil akkreditatsiya va reyting agentligi tomonidan Samarqand davlat tibbiyot universitetining ta’lim faoliyati sifatining jahon standartlari va mezonlariga muvofiqligi tahlildan o‘tkazildi hamda 2030 yilga qadar amalda bo‘ladigan xalqaro institutsional akkreditatsiya sertifikatiga sazovor bo‘ldi.

Eng quvonarlisi, joriy yilda dunyoning eng nufuzli xalqaro reyting tizimlaridan biri hisoblangan Times Higher Education (THE) tomonidan e’lon qilingan THE Impact Rankings 2025 natijalariga ko‘ra, Samarqand davlat tibbiyot universiteti ilk bor respublikamizda tibbiyot oliy ta’lim muassasalari ichida birinchilardan bo‘lib dunyoning eng yaxshi 1000 ta oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatidan munosib o‘rin egalladi. Bu yutuqlar universitet jamoasining tinimsiz va mashaqqatli mehnatlarining samarasi desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Eldor TANGIROV,

Samarqand davlat tibbiyot universitetining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori.