“Milliy armiya – ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!”
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar ana shu shior ostida «Vatanparvarlik oyligi» bilan boshlandi.
Shu munosabat bilan Markaziy harbiy okrugda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Dastlab ishtirokchilar Markaziy harbiy okrug qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda askarlar, ofitser va serjantlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
– Okrugda 7/24 tartibida ishlovchi kutubxona, “O‘q otish markazi”, o‘quv binosi, mashg‘ulot xonalari, sport zal, Sohibqiron Amir Temur va jadidchilik harakati namoyandalarining hayoti va ijodi, ularning siyosiy faoliyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar nafaqat harbiy xizmatchilar, balki yoshlarni ham harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy g‘urur tuyg‘ularini uyg‘otish va shijoatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi harbiy qism komandiri o‘rinbosari Qosimjon Mahkamov. – Shuningdek, harbiy xizmatchilarning farzandlariga qulaylik yaratish maqsadida bu yerda ingliz, rus, nemis tillari hamda sport turlari bo‘yicha bepul to‘garaklar ham tashkil etilgan bo‘lib, ularga mutaxassis serjant va ofitserlarni biriktirganmiz. Ushbu to‘garaklar va kutubxonaga shu hududda yashovchi fuqarolar, jumladan, kam ta’minlangan oilalar farzandlari ham jalb qilinmoqda.
Oylik doirasida Samarqand shahrining markaziy ko‘chalari bo‘ylab harbiy orkestrning vatanparvarlik marshi sadosi ostida viloyatdagi harbiy qismlar xizmatchilari, milliy gvardiya, mudofaa va favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillarining harbiy yurishi tashkil etildi.
Shundan so‘ng Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialida «Vatanparvarlik oyligi»ning ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqanlar milliy armiyamiz qudratini yanada mustahkamlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida to‘xtalib o‘tdilar.
Harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan chiqishlar, harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.