Amir Temur merosiga bag‘ishlangan interaktiv loyiha taqdim etildi

O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida buyuk sarkarda va davlat arbobi, Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan "Amir Temur merosi" nomli interaktiv loyiha taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

"Nazzar Academy" hamkorligida tashkil etilgan tadbirda "Temuriylar merosi o‘yini", "Temuriylar davlat xaritasi", "Temuriylar nasab daraxti" nomli interaktiv ekspozitsiyalar va Amir Temur maqbarasining rekonstruksiyasiga bag‘ishlangan rolik namoyish etildi.

- Bu kabi smart texnologiyalarni yurtimizdagi 50 dan ziyod muzey va diqqatga sazovor yodgorliklarda o‘rnatganmiz, - deydi loyiha asoschisi Bobur Rahimov. -  Bu orqali muzeyga tashrif buyuruvchilar zamonaviy interaktiv vositalar yordamida turli eksponatlar, muzeylar va tariximiz haqida qo‘shimcha, yangi ma’lumotlarga ega bo‘ladilar. Shuningdek, qurilmalarda gid-tarjimon ham bo‘lib, o‘zbek, rus, ingliz tillarida audio-videogid yordamida ma’lumot beriladi. Samarqand muzeyidagi innovatsion loyihamiz ham Amir Temur va temuriylar tarixini yanada kengroq yoritib berishga xizmat qilmoqda va shu kabi madaniy meros ob’yeknlariga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun qulayliklar yaratyapti.