Samarqandliklar Mo‘g‘ulistonda dehqonchilik qilishlari mumkin
Prezidentimizning 2025 yil 17 iyuldagi “Mo‘g‘ulistonga oliy darajadagi tashrif davomida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan viloyatimiz vakillari Mo‘g‘ulistonga bordi.
Unda agrosanoat sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan tanishish, mahsulotlarni eksport va import qilish bo‘yicha bir qator amaliy uchrashuvlar tashkil etildi.

Jumladan, 1-3 aprel kunlari viloyatimiz delegatsiyasi Mo‘g‘ulistonning Ulan-Bator viloyatida bo‘ldi. Mo‘g‘uliston qishloq xo‘jaligi vazirligining departament rahbari Yesun-Erdene Davaasuren bilan uchrashuvda ushbu davlatda qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish, iqlim sharoiti va bozor talablari borasida fikr almashildi.
Mo‘g‘ulistonda may oyidan issiq kunlar boshlanib, yer ekin ekishga tayyor bo‘ladi va 2-3 oy, janubiy viloyatlarda 3-4 oy issiq harorat saqlanib turadi. Shu bois, birgina pomidorning 80 foizi Xitoydan import qilinadi, qolgan 20 foizi issiqxonalarda yetishtiriladi.
Tashrif davomida viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi va Mo‘g‘uliston qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vazirligining dehqonchilik siyosatini amalga oshirish departamenti o‘rtasida memorandum imzolandi. Unga ko‘ra, samarqandliklarga Mo‘g‘ulistonda dehqonchilik qilish uchun 200 gektar yer maydoni ajratiladi. Faqat iqlim sharoitidan kelib chiqib, tajriba tariqasida 10 gektar maydon mamlakatning janubiy viloyati bo‘lgan Darxon-Uul viloyatidan (Ulan-Batordan 230 kilometr uzoqlikda) yer maydoni beriladi.
Shuningdek, “BUJT” kompaniyasi bilan chorvachilik bo‘yicha muzokara o‘tkazildi. Natijada, Nurobod tumanidagi 4 fermer xo‘jaligi 8 ming bosh va Urgut tumanidan bitta fermer xo‘jaligi 2 ming bosh (“Bayat” zotli qo‘y) xarid qiladigan bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, “BUJT” kompaniyasi o‘tgan yili O‘zbekistonga 30 ming bosh mayda shoxli mol yuborgan.
Asliddin Po‘latov,
viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.