Dehqonchilik istagidagi yoshlarga 24 ming 571 gektar yer maydoni ajratib beriladi
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2021 yilda yoshlar bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida dehqonchilik qilish uchun yer maydonlari ajratib berish belgilandi.
Ushbu tashabbusdan kelib chiqib, viloyatda ish bilan band bo‘lmagan 160 ming yoshlarning har biriga paxta ekiladigan va boshqa yer maydonlari hisobidan 15 sotixdan jami 24 ming 571 gektar yer maydoni ajratib beriladi.
Shundan kelib chiqib, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Samarqand viloyati kengashi yoshlarga ularning bandligini ta’minlash, dehqonchilik qilishlari uchun yer maydonlarini ajratib berilishi va undan samarali foydalanish bo‘yicha murojaat yo‘lladi. Unda yoshlar uchun ajratilgan yer maydonlariga belgilangan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish, parvarishlash hamda yetishtirilgan hosilni yig‘ishtirib olishgacha bo‘lgan barcha agrotexnik tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish, qishloq xo‘jaligida texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, dehqonchilikda ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash zarurligi ta’kidlangan.
Shuningdek, joriy yilda viloyatda qariyb 21 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etiladi. Murojaatda bu jarayonda ham yoshlar tashabbus ko‘rsatishi, uning bevosita ishtirokchisi sifatida zamonaviy dehqonchilikni o‘zlashtirishlari zarurligi uqtirildi.