Ijtimoiy faol yoshlar – kuchli jamiyat asosi

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar siyosati davlat ahamiyatiga molik eng ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Navqiron avlod vakillarining nafaqat jismoniy, balki intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish orqali kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish maqsad qilingan. Ana shunday ezgu intilishlarning amaliy ifodasi sifatida viloyatdagi eng bilimdon, shijoatli va intiluvchan yosh xodimlarni bir davraga jamlagan «Zakovat» intellektual o‘yini tashkil etildi.

Bugungi kun yoshlari nafaqat o‘z sohasining ustasi, balki keng dunyoqarashga ega, zamon bilan hamnafas fikrlaydigan kuch bo‘lishi kerak, - dedi S.Rafikov. -Kasaba uyushmalari har doim siz kabi izlanuvchan, bilimga chanqoq yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Bugungi “Zakovat” o‘yini ham shunchaki musobaqa emas, balki sizlarning birdamligingizni, mantiqiy fikrlash qobiliyatingizni namoyish etadigan betakror maydondir. Barchangizga omad yor bo‘lsin!
Shundan so‘ng Ijtimoiy himoya milliy agentligining Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i S.Luqmonov so‘zga chiqib, jamiyatning ijtimoiy hayotida yoshlarning faolligi naqadar muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida qayd etdi.

Yoshlar bayrami arafasida o‘tkazilayotgan bu musobaqa barchamizga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi, - Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimi yosh mutaxassisi Shahnoza Ismoilova. Men o‘zim kundalik ish faoliyatimda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi, kam ta’minlangan oilalar bilan ishlayman. Bu juda katta mas’uliyat, sabr va tezkorlikni, shu bilan birga keng dunyoqarashni talab qiladi. Davlat tashkilotlari xodimlari o‘rtasida mana shunday intellektual bahslarning tez-tez o‘tkazilishi bizning mantiqiy fikrlashimizni charxlaydi. Eng muhimi, stress holatlarida, kutilmagan vaziyatlarda to‘g‘ri va adolatli qaror qabul qilish ko‘nikmasini shakllantiradi. Bu yerdagi savollar juda qiziqarli va teran mantiqqa asoslangan. Hakamlar hay’ati o‘yin qoidalarini adolatli va shaffof tarzda tushuntirib berishdi. Men mana shunday ajoyib tadbirni tashkil etgan kasaba uyushmalariga va rahbariyatimizga minnatdorlik bildiraman. Bugun qaysi jamoa g‘olib bo‘lishidan qat’i nazar, do‘stlik va zakovat g‘alaba qozonadi».

O‘yin qoidalari, bahslarni olib borish tartibi va ochkolarni hisoblash tizimini batafsil tushuntirish uchun so‘z navbati hakamlar hay’atiga berildi. Ular o‘yinning xalqaro «Zakovat» qoidalariga to‘liq mos ravishda, shaffof va adolatli o‘tishini kafolatladi.
Ushbu intellektual bellashuv viloyat tarixida yoshlarning ijtimoiy hamda madaniy faolligini oshirishga xizmat qiluvchi muhim voqelik sifatida muhrlanib qolishi shubhasizdir. Biz ham barcha bilimdon yoshlarimizga yangi marralar va yorqin zafarlar tilab qolamiz.