Dehqonchilik uchun ijaraga 10 sotixdan 1 gektargacha yer olish mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil 24 noyabrda qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazgan yig‘ilishidan keyin odamlar bu yer maydonlarini qachon, qay tartibda, qancha ijara to‘lovi bilan olish mumkin, degan savollar tug‘ildi.
Bunga javob Prezidentning 2021 yil 23 noyabrda qabul qilgan “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aytilgan.
Qarorga asosan fermerlar va klasterlarning past hosilli paxta va g‘alladan qisqartirilgan 200 ming gektar ekin maydoni 2022-2025 yillarda zaxiraga qaytariladi. Bu yerlarda poliz-sabzavotchilik, dukkakli, moyli ekinlar va kartoshka yetishtirish uchun fuqarolarga 10 sotixdan 1 gektargacha elektron tanlov orqali ijaraga beriladi.
Ijaraga berishda dehqonchilikda yaxshi natijalarga erishgan, mutaxassislikka ega, “daftar”larga kiritilgan ehtiyojmand oilalarga ustunlik beriladi.
100 million dollar pul banklarga milliy valyutada 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilga 10 foiz stavkada joylashtiriladi.
Dehqon va fermerlarga 100 million so‘mgacha 14 foiz stavkada, kichik intensiv bog‘ va uzumchilikka 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilga, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka va sabzavotchilikka 3 oygacha imtiyozli davr bilan 2 yilgacha kreditlar ajratiladi.
Ajratiladigan kreditlar uni olishni istovchilarga yangi joriy etilayotgan hokim yordamchilarining yozma tavsiyasiga asosan beriladi.