Fermer “Malibu”ning pulini yerga “urdi”
Ishtixon tumanining Barlos mahallasida uzum yetishtirishda usta bo‘lib ketgan dehqonlar ko‘p. Ammo ular yaqin yillargacha faqat sug‘oriladigan yerlardagina tirikchilik qilardi, xolos.
Mahallaning Qo‘shrabot qirlariga tutashib ketgan dasht hududi bundan 5-6 yil ilgari qaqrab yotardi. Keyingi yillardagi qurg‘oqchilik sabab barlosliklar bu yerdan na lalmi ekin yetishtirib, na yaylov sifatida foydalana oldi. Bugun ana shu qir-adirlar bag‘ri yashillikka burkanyapti.
“Barlosning bepoyon bog‘lari”
Davron Shodiyev rahbarlik qilib kelayotgan fermer xo‘jaligi shu nom bilan ataladi. Xo‘jalik bundan 4 yil avval tashkil etilgan bo‘lib, hududida asosan toklar parvarishlanyapti.
- Bolaligimdan uzumchilik sirlarini o‘rganib kelaman, - deydi fermer. – Ammo yaqin yillargacha katta maydonda tokzorlar yaratish xayolimgayam kelmagan. Mamlakatimizda fermerlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, shu ishni boshladim. “Mingchinor” agrofirmasi hududidan xo‘jaligimiz uchun ajratilgan 20 gektar yerda asosan tok yetishtirishga kirishdim, shuningdek, bodom, yong‘oq, shaftoli va boshqa mevali daraxt nihollarini qadaganmiz. Suvni tejash maqsadida tomchilatib sug‘orish usulidan foydalanyapmiz. Toklar hosilga kirguncha, ular orasiga poliz mahsulotlari ekkanmiz. Buning uchun vodiydan dehqonlarni taklif qildik. Ular bizga qovun-tarvuz yetishtirishni, biz ularga uzumchilik sirlarini o‘rgatib, tajriba almashyapmiz.
Fayzlik dehqon Barlosga fayz kirityapti
Davron akaga ko‘maklashish uchun kelgan dehqon Abdurauf Turonov Farg‘ona viloyati Beshariq tumani Fayz qishlog‘idan. U 4 yildan beri dehqonchilik mavsumini oilasi bilan shu yerda o‘tkazadi. Olayotgan daromadi ham kam emas.
- O‘tgan yili 1 gektar yerda qovun-tarvuz yetishtirib, 40 million so‘m daromad qilgandik, - deydi u. – Bu yil 5 gektarga poliz mahsulotlarini ekdik va 200 million so‘m daromad qilishni mo‘ljallab turibmiz. Biz tomonlarda bir qarich bo‘sh yer topolmaysiz. Bu yerda, keng lalmi yer maydonlarida mehnat qilishning gashti boshqacha. Birinchidan, hosildorlik yaxshiligi, ikkinchidan, changib yotgan yerlar tomchilab turgan suv bilan bog‘-rog‘larga aylanayotgani kishini hayratga soladi.
Ishlash uchun xorijga borishga hojat qolmadi
Shu mahallada yashovchi yoshlardan biri Shoyadbek Saidqulovni ishsizlik muammosi qiynab kelayotgan edi. Fermer Davron Shodiyev unga 1 gektar yerni biriktirib, bu muammoga yechim topdi.
- Anchadan beri o‘zimga munosib ish topolmay sarson edim, - deydi Shoyadbek. – Bir necha yil xorijda ham ishlashga to‘g‘ri keldi. Amakim fermer xo‘jaligi tashkil etganligini aytib, meni ishga taklif qildi va 1 gektar yerni menga biriktirdi. Bu yerda hozirgi kunda vodiylik dehqon Abdurauf aka ko‘magi bilan mehnat qilyapman. Qovun-tarvuz pishdi, sotishni boshladik. Mehnatimiz hosilini ko‘rib, ishlash uchun xorijga borishga hojat yo‘qligiga amin bo‘lyapman.
Boshlanishiga 150 million so‘m...
Davron aka, avvalo, adirlikdagi katta maydonda dehqonchilik qilishga ikkilandi, ammo uzoq o‘ylab o‘tirmadi. Boshlanishiga 150 million so‘mdan ko‘proq mablag‘ sarflab, ishga kirishdi.
- 3 ta artezian qudug‘i qazdirdim, - deydi u. – Hovuz tashkil qilib, tomchilatib sug‘orish uchun kerakli bo‘lgan suv nasoslari va quvurlarni keltirdim. Ayrim mahalladoshlarim adirlikda tok yetishtirib bo‘lmasligi, shuning o‘rniga “Malibu” avtomashinasini sotib olish foydaliroq ekanligi haqidagi fikrlarni bildirdi. Men esa ortga chekinmadim, tavakkal qildim. Bir yil o‘tib, to‘g‘ri yo‘lni tanlaganimga ishonch hosil qila boshladim. Prezident qarori bilan 176 million so‘mlik subsidiya ajratildi. Bu mablag‘niyam faoliyatimizni kengaytirishga sarfladim. Kechagi mehnatimizning bugungi samarasi boshlanishida biz uchun yangilik bo‘lgan tomchilatib sug‘orish usulidan foydalanishdagi tushunmovchiliklar, uyimdan xo‘jalik yer maydonigacha bo‘lgan 4 kilometrlik masofaga piyoda qatnaganlarim va boshqa qiyinchiliklarni unutishimizga sabab bo‘lyapti.
2019 yilda ekilgan toklardan bugun mo‘l hosil olina boshladi. Hali hosilga kirmagan nihollar orasida yetishtirilayotgan poliz va sabzavot mahsulotlaridan ham mo‘maygina daromad kutilyapti. Bir so‘z bilan aytganda, Davron akaning yaxshi kunlari oldinda.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov (video).