Bola qanday oziq-ovqatdan zaharlanadi: Autsorserlar bu haqda nimalarni bilishi kerak?

Samarqand shahrida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mas’ul vakillarining maktabgacha ta’lim tashkilotlarida autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar bilan muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Iroda Aripova maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qanday oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish kerakligini tushuntirdi.
- Avvalo, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga oziq-ovqat mahsulotlari ertalab soat 6:00 dan soat 8:00 gacha yetkazib berilishi kerak, - dedi I.Aripova. – Tadbirkorlar istagan vaqtda oziq-ovqat mahsulotlarini bog‘chalarga olib boryapti, ba’zilari kechki payt qorovulga berib ketyapti. Vaholanki, oziq-ovqat mahsulotlarining vaqtida yetkazilmasligi ham uning sifatini buzilishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, yetkazib berilayotgan mahsulotlar ichida karam, lavlagi, smetana kabi mahsulotlar yo‘q. Sut mahsulotining sifatini belgilovchi sertifikat mavjud emas. Aslida, bog‘chalarga maxsus qadoqlangan idishlarda sut mahsuloti yetkazib berilishi kerak. Go‘sht mahsulotining muzlatilgani sotib olinganda, boshqa muzlatilmaslik sharti bilan maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tarqatilishi lozim.
Bundan tashqari, tadbirda bog‘cha taomnomasi qanday bo‘lishi, oshpazlar maxsus ish kiyimida bo‘lishi hamda ular har olti oyda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi shartligi aytildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov autsorserlardan bog‘cha oshxonalariga qanday shart-sharoit yaratib berganini so‘radi. Ma’lum bo‘lishicha, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining oshxonasida muzlatkich yo‘q ekan. Tadbirkor tez kunlarda bog‘chaga muzlatkich olib berishini aytdi. Boshqa davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari oshxonalaridagi mavjud kamchiliklar ham tadbirkorlar tomonidan bartaraf etiladigan bo‘ldi.
Shuningdek, davra suhbatida bog‘cha oshpazlarini o‘qitish, ularning malakasini oshirish, autsorserlar va sanitariya-epidemiologiya xodimlari hamkorligini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Xurshida ERNAZAROVA.